Bugun 7 nafar o‘zbekistonlik bokschi Olimpiada yo‘llanmasi uchun jang qiladi

Sport

image

Ayni kunlarda Italiyada boks bo‘yicha Parij-2024 Olimpiadasiga yo‘llanma beruvchi turnir o‘tkazilmoqda. Bugun, 11 mart kuni jami 7 nafar o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustasi Olimpiada litsenziyasi uchun ringga ko‘tariladi.

O‘zbekiston vakillaridan dastlabki bahsni -63,5 kg vaznda Ruslan Abdullayev boshlab beradi. Unga serbiyalik Aleksey Sendrik raqiblik qiladi.

-92 kg da Lazizbek Mullojonov gruziyalik Georgi Kushitashviliga, -71 kg vaznda Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev iordaniyalik Zeyyad Ishaishga va -80 kg da To‘rabek Habibullayev kolumbiyalik Xuan Ortisga qarshi ringga ko‘tariladi.

Ayollar o‘rtasida -66 kg vaznda Navbahor Hamidova Dominikan Respublikasi bokschisi Maria Moronta Xernandes, -75 kg vazn toifasida Aziza Zokirova Buyuk Britaniya vakilasi Chantelle Reid va -50 kg vaznda Sabina Boboqulova yaponiyalik Rinka Kinoshita bilan hisob-kitob qilib oladi.

Ma’lumot uchun, janglar Toshkent vaqti bilan soat 17:00 da start oladi.

Qayd etish joiz, hozircha faqatgina 3 nafar o‘zbekistonlik bokschi Bahodir Jalolov, Hasanboy Do‘smatov va Abdumalik Halokov Olimpiada litsenziyasiga ega chiqqan. Uch bokschi ham o‘tgan yili Xitoyning Xanchjou shahri mezbonlik qilgan Osiyo o‘yinlarida g‘olib bo‘lib, to‘rt yillikning eng yirik sport tadbiriga yo‘llanmaga ega bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

boks Olimpiada Lazizbek Mullojonov Asadxo'ja Mo'ydinxo'jaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing