Bu juda yomon signal bo‘ldi – Jurnalistlar uyushmasi raisi Najmiddinovaga tuhmatga munosabat bildirdi
Jamiyat
−
07 avgust 2021
15791QALAMPIR.UZ jurnalistiga tuhmat qilingani bilan bog‘liq holat Olmazor city'ga ham borib o‘rganiladi. Bu haqda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarovning bayonotida aytilgan.
"Ijtimoiy tarmoqlarda QALAMPIR.UZ nashri jurnalisti Feruza Najmiddinova haqida tarqatilgan tahqiromuz videolavha jamoatchilikni, ayniqsa, jurnalistlarni juda jiddiy tashvishga soldi. Bu, aytish joizki, yangilanayotgan jamiyatimiz uchun juda yomon “signal” bo‘ldi.
Ma’lumki, so‘nggi yillarda Prezidentimiz tomonidan inson qadr-qimmati, sha’ni, xususan, ayol obro‘-e’tibori borasida mislsiz ishlar amalga oshirildi. Bu qilmish esa ana shu islohotlarga soya solmoqchi bo‘ldi. Qolaversa, qabihlikka asoslangan bunday videolavhalarning tarqatilishi har bir ayolni, xususan, o‘z kasbini bajarayotgan har bir soha vakilini tahlikaga solishi, shubhasiz.
Birinchidan, tarqatilgan bo‘htonomuz videolavha Internet tarmog‘i orqali millionlab insonlarga yetib bordi.
Ikkinchidan, gap ayol, suyukli rafiqa, ona haqida boryapti. Nazarimizda, videolavhani tarqatganlar masalaning ana shu jihatini unutgan ko‘rinishadi. Shu bois bu xatti-harakatni barcha jurnalist kasbini egallagan ayollarga ham tahdid deb bilamiz. Bu qilmish, albatta, huquqni himoya qiluvchi idoralar tomonidan tekshiriladi. Bunday vaziyatda biz qalam ahli - jurnalistlar, blogerlar adolat tantanasi yo‘lida birlashmog‘imiz lozim.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi jamiyat manfaatlari yo‘lida faoliyat olib borayotgan jurnalistlarga, birinchi navbatda, uyushma a’zolariga nisbatan har qanday tazyiq, tahdid va bu kabi tubanliklarni keskin qoralaydi.
O‘zbekiston Jurnalistlari Kasb etikasining 9-moddasida “jurnalistlar kasbiy birdamlik talablariga rioya qiladilar.... Professional faoliyati uchun ta’qib ostiga olingan jurnalist jurnalistlar birdamligi tuyg‘usi va prinsiplaridan kelib chiqqan holda hamkasblari tomonidan himoya qilinishi lozim”, deyilgan.
Biz barcha kasbdoshlarimizni jurnalistlarga nisbatan har qanday ta’qib va tahdidlar, tubanliklarga qarshi birdam va hamjihat bo‘lib kurashishga chaqiramiz. O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasidan mazkur masalani o‘z nazoratiga olishini so‘raymiz.
Shuningdek, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi mazkur holat yuzasidan surishtiruv boshlaganini, ertaga Qalampir.uz sayti va Olmazorcity'ga chiqib, voqeani joyida o‘rganishini ma’lum qiladi", deydi O‘sarov o‘z bayonotida.
Ma’lumot uchun, bugun ijtimoiy tarmoqlarda Olmazor city hudida olingan behayo video tarqatilib, uning qahramoni go‘yoki Feruza Najmiddinova ekani haqida tuhmat axborotlar berildi. Holat bo‘yicha Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tergovga qadar o‘rganishni boshladi va buni Ichki ishlar vazirligi o‘z nazoratiga olganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, Feruza Najmiddinova 2019 yildan buyon QALAMPIR.UZ internet nashrida faoliyat yuritib kelmoqda. U oliy ma’lumotli, oilali. 2021 yilda “Yilning eng faol jurnalisti” tanlovi g‘olibi bo‘lgan. Tanqidiy-tahliliy chiqishlari bilan e’tiborga tushgan. U haqidagi bo‘htonga to‘la video Feruza Najmiddinovaning QALAMPIR.UZ’da e’lon qilingan “Tashkent City”dagi restoranlarning “tanka”si bormi? Maxsus komissiya qarori nega ishlamayapti?” nomli reportajidan bir kun o‘tib, 7 avgust kuni tarqatildi.
LiveBarchasi