Bu yil yoz kutilganidek rekord darajada issiq bo‘ldimi?
Bu qiziq
−
29 avgust 2020
7552Yoz fasli tugab bormoqda. 2020 yil yozi rekord darajada issiq bo‘lishi mumkinligi aytilgandi. Bu taxminlar o‘zini oqladimi? Gidrometeorologiya xizmati markazi yakunlanayotgan yoz qanday o‘tgani haqida kuzatuvlari natjasini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, bu yilgi yoz fasli umumiy olganda unchalik issiq bo‘lmagan. Yoz oylaridagi o‘rtacha harorat me’yoriy qiymatlarga yaqin bo‘lgan.
Qayd etilishicha, bu yozda ba’zi kunlardagina kunduzgi harorat 37-39 darajagacha, mamlakat janubi va shimoliy tumanlarda ayrim joylarda 40-42 darajagaga yetdi.
Iyulda issiq davr sal uzoq davom etdi. Kunduzgi harorat 37-39 daraja cho‘l zonasida 43 darajagacha bo‘lgan ob-havo faqat iyulning o‘rtasida kuzatildi.
Biroq shunda ham iyul oyi o‘tgan 2019 va 2018 yil iyullariga qaraganda biroz salqin keldi. Bu yillar meteorologik kuzatuvlar davrida eng issiq yil bo‘lgani qayd etilgan va O‘zbekiston hududida eng issiq yillar beshtaligiga kirgandi.
“Toshkentda masalan, o‘tgan yilda ketma-ket 13 kun davomida kunduzgi harorat 40 darajadan yuqori bo‘lib 43 darajagacha yetgan. Mamlakatimiz shimoli, janubi va cho‘l zonasida 44-46 darajagacha, ayrim punktlarda esa 48 daraja bo‘lgani qayd etilgan.
Odatda yoz davrida respublikamiz hududining katta qismida yog‘ingarchilik kamdan-kam kuzatiladi. Bu yil ham deyarli shunday bo‘ldi. Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysi viloyatlarining tog‘li va tog‘oldi hududlarida mahalliy qisqa muddatli, momaqaldiroqli yomg‘irlar ko‘proq yog‘di”, deyiladi O‘zgidromet xabarida.
Avgust oyining oxiriga kelib esa O‘zbekistonda yoz fasli uchun umuman xos bo‘lmagan jarayonlar kuzatilgan.
26 avgustda respublika bo‘yicha harorat keskin pasayib, momaqaldiroqli yomg‘irlar yog‘ib o‘tdi. Ob-havoning bunday o‘zgarishi ayniqsa O‘zbekistonning markaziy tumanlarida avj oldi. Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida yog‘ingarchilik kuchli va davomli bo‘ldi. Toshkentda shu kuni 1 mm oylik normada yoqqan yog‘inlar miqdori 17 mmni tashkil qildi.
Bu juda kamdan-kam kuzatiladigan hodisa bo‘lsa ham, biroq meteorologik kuzatuvlar tarixida yagona emas. 1954 yilda Toshkentda iyulda 41 mm, 1969 yil iyulida esa 39 mm yomg‘ir yoqqan.