Bu uchinchisi. Davlat byudjeti harajatlari yana oshirilmoqda

Jamiyat

image

O‘zbekistonning 2021 yilga mo‘ljallangan Davlat byudjeti xarajatlari 2,2 trln so‘mga oshirilmoqda. Bu haqda bugun, 14 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasida keltirilgan.

Qonun loyihasiga ko‘ra, 2021 yildagi Davlat byudjeti xarajatlari 2,2 trln so‘mga oshirilmoqda, jumladan:

•  Fuqarolar tashabbuslari doirasida tuman va shaharlarga qo‘shimcha — 117 mlrd so‘m;

•  Fermer va klasterlarga 2021 yil hosilidan davlatga sotgan g‘allasi uchun subsidiya — 800 mlrd so‘m; 

•  Mo‘ynoq tumanida 5 nafargacha a’zo bo‘lgan har bir oilaga 5 mln so‘mdan bir martalik yordam uchun va Qoraqalpog‘istonda ijtimoiy-iqtisodiy muammolari bo‘lgan 21 ta mahalla uchun — 67 mlrd so‘m;

•  Surxondaryo viloyati aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash loyihasi uchun respublika byudjetidan 200 mlrd so‘m, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan quvurlarni arzon payti sotib olish uchun 327 mlrd so‘m — jami 527 mlrd so‘m;

•  Ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash uchun Sirdaryo, Jizzax va Navoiy viloyatlarining har biriga 100 mlrd so‘mdan (300 mlrd so‘m), Toshkent shahriga 200 mlrd so‘m — jami 500 mlrd so‘m;

•  Davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan yer uchastkalari kompensatsiyasiga — 50 mlrd so‘m ajratiladi.

Shuningdek, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi xarajatlari 2,5 trln so‘mga oshiriladi. Jumladan, Prezident topshirig‘i bilan qishloq xo‘jaligidagi islohotlar, oziq-ovqat xavfsizligi uchun — 1,1 trln so‘m ajratiladi.

Ma’lumot uchun, Davlat byudjeti xarajatlari bundan avval ham ikki marta oshirilgandi. Byudjet xarajatlari 11,7 trln so‘mga hamda 13,1 trln so‘mga oshirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

243

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing