“Bu mening mas’uliyatim”. Zelenskiy iste’foga chiqish niyati yo‘qligini aytdi

Olam

−

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy iste’foga chiqish niyati yo‘qligini bildirdi, shuningdek, hozirgi vaqtda saylovlar o‘tkazish imkoniyati haqida gapirib o‘tdi. Bu haqda u jurnalist Pirs Morganning “Uncensored” shousida so‘z ochdi.

Ukraina yetakchisi shouda iste’foga chiqishni rejalashtirmayotganini tasdiqlagan. U bu uning mas’uliyati ekanini ta’kidlagan.

“Albatta, yo‘q. Bu mening mas’uliyatim”, deb javob bergan Zelenskiy jurnalistning savoliga.

Shuningdek, siyosatchi, jumladan, AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan qilingan chaqiriqlarga qaramay, saylovlarni o‘tkazishning imkoni yo‘qligini ma’lum qilgan.

“Har soatda bizda hujumlar bo‘lmoqda... Shunday ekan, xavfsizlik nuqtai nazaridan siz saylov o‘tkaza olmaysiz”, deydi Zelenskiy.

Ukraina Prezidenti, shuningdek, askarlar frontda ekanini va birinchi bo‘lib ovoz berish huquqiga ega bo‘lishlari kerakligini ta’kidlagan.

“Biz askarlarsiz prezident tanlay olmaymiz, chunki ular o‘z jonlarini fido qilmoqda va fido qilishgan. Ular birinchi bo‘lib ovoz berishlari kerak va o‘ylaymanki, bu adolatdan bo‘ladi”, deya qo‘shimcha qilgan u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oq uy rahbari Donald Tramp Vladimir Zelenskiyni keskin tanqid qilib, Ukraina bitimlar tuzishga qodir bo‘lgan yangi yetakchi topishi kerakligini aytgan edi.

Keyinchalik OAV Ukrainaning yangi prezidenti lavozimiga to‘rtta nomzod nomini keltirdi.

Zelenskiyning o‘zi esa, agar Rossiya 60 kunlik to‘liq o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lsa, prezidentlik saylovlarini o‘tkazishga tayyorligini bildirgan. Bunga javoban Kreml Zelenskiyning Ukrainada saylovlar o‘tkazish uchun ikki oylik sulh tuzish haqidagi taklifini rad etgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing