Bu g‘azablanarli – Bayden Rossiyaning qarorini qoraladi
Olam
−
30 Oktabr 2022
17895AQSH Pezidenti Jo Bayden Rossiyaning don bitimidagi ishtirokini to‘xtatish haqidagi qarorini g‘azablantiruvchi deb atadi. Bu haqda u kecha, 29 oktyabr kuni jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda aytgan.
"Bu mutlaqo g‘azablantiruvchi, ochlikning kuchayishiga olib keladi. Ularning bunday harakat qilishiga hech qanday asos yo‘q", deydi AQSH Prezidenti.
Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi matbuot xizmati rahbari Adrian Uotson esa Rossiya Federatsiyasining don bitimidagi ishtirokini to‘xtatish haqidagi qarorini oziq-ovqatdan qurol sifatida foydalanish uchun bahona deb aytgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday harakat muhtoj davlatlar va jahon oziq-ovqat narxlariga bevosita ta’sir qiladi. Shuningdek, gumanitar inqiroz va oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq vaziyatni yomonlashtiradi.
Avvalroq, Rossiya Mudofaa vazirligi anneksiya qilingan Sevastopoldagi Qora dengiz harbiy flotiga uyushtirilgan hujum munosabati bilan Ukrainadan oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilishga mo‘ljallangan kelishuvdagi faoliyatini to‘xtatishini ma’lum qilgan edi.
Ma’lumot uchun, 22 iyul kuni Istanbulda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ishtirokida Ukraina portlaridan g‘allani xavfsiz tashish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Hujjatni Ukraina, Rossiya, BMT va Turkiya vakillari imzoladi. Don shartnomasi Ukrainaning Odessa, Yujniy va Chernomorsk portlarini o‘z ichiga oladi.
Shartnoma muddati 19 noyabrda tugaydi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Turkiya avvalroq kelishuvni uzaytirishga chaqirgan edi.
Oktyabr oyida Qrim ko‘prigida portlash bo‘lishi ortidan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin don kelishuvi to‘xtatib qo‘yilishi mumkinligini aytgandi. U portlovchi uskuna don yo‘lagi orqali Qrimga olib kelingani tasdiqlansa, shunday qilinishini aytdi.
LiveBarchasi