“Bu diplomatik beadablik va hurmatsizlik”. Zaxarova Borrel va Stoltenberg yo‘llagan javobdan “jazava”ga tushyapti
Olam
−
11 fevral 2022
10001Rossiya mintaqada xavfsizlikni ta’minlash borasida mamlakat TIV rahbari Sergey Lavrov yo‘llagan murojaatga, Yevroittifoq va NATOning birgalikda qaytargan javobini qabul qilmaydi. Bu haqda bugun, 11 fevral kuni Rossiya TIV Matbuot kotibi Mariya Zaxarovaning xavfsizlik kafolati borasida NATO va Yevropa diplomatiyasi rahbarlari yozma ravishda yo‘llagan javobi haqida bergan izohida gap boradi.
“Biz xavfsizlikni ta’minlash borasida “o‘zaro javobgarlik”ga o‘xshab yo‘llangan “jamoaviy” javobni qabul qila olmaymiz. Biz murojaat qilgan mintaqa vakillarining har biridan savolimizga batafsil javob kutamiz. Savolga alohida javob berishdan qochish, G‘arbning YeXHT hamda NATO-Rossiya doirasida kelishilgan mas’uliyatlardan bo‘yin tovlashi va Rossiya hisobidan o‘z xavfsizligini ta’minlashga urinishini anglatadi”, deyiladi rossiyalik diplomat izohida.
Zaxarovaga ko‘ra, Kremlning savollariga NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg va Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel (garchi Moskva unga murojaat qilmagan bo‘lsada) yo‘llagan javobda aniq va to‘g‘ridan to‘g‘ri munosabat bildirilmagan.
“Kafolatning o‘rniga biz bilan xavfsizlikni mustahkamlash borasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar boshlashni taklif qilishmoqda. Eslatib o‘tamiz, Sergey Lavrovning murojaati shaxsan Yevropa va Shimoliy Amerikaning 37 ta davlati Tashqi ishlar vazirlari nomiga yo‘llangan edi. Unda biz xavfsizlik kafolati bo‘yicha milliy miqyosda, batafsil javob kutishimiz haqida alohida ta’kidlan”, deya qo‘shimcha qiladi Zaxarova.
Diplomatning ta’kidlanishicha, Stoltenberg va Borrelning javobini Moskva so‘roviga “diplomatik beadablik va hurmatsizlik” ko‘rinishidan boshqa tarzda ta’riflab bo‘lmaydi.
“Xavfsizlikni ta’minlash tamoyilini belgilab beruvchi YeXHT va Rossiya-NATO hujjatlarida tegishli mamlakatlar, davlat va hukumat rahbarlarining imzolari bor. YeXHTda davlatlar o‘z milliy maqomi ostida ishtirok etadi va aynan shu ularning o‘z xavfsizligini boshqa davlatlarga xavf tug‘dirish hisobidan ta’minlamasligini belgilaydi”, deyiladi Zaxarovaning izohida.
Uning ta’kidlashicha, “1999 yilgi Yevropa xavfsizligi Xartiyasi hamda 2010 yilgi Ostona deklaratsiyasida “hech bir davlat, davlatlar guruhi yoki tashkilotga YeXHT mintaqasida tinchlik va barqarorlikni saqlash uchun asosiy mas’uliyat yuklanishi mumkin emas”, deya aniq va ravshan ko‘rsatilgan.
Ma’lumot uchun, joriy yil 28 yanvar kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bir qator Yevropa davlatlari, AQSH va Kanada Tashqi ishlar vazirlariga Yevropa mintaqasi, xususan, Rossiyada xavfsizlikni ta’minlash borasida bir necha talablar qayd etilgan murojaat yo‘llagan.
Kecha, 10 fevral kuni Yevropa diplomatiyasi rahbari Borrel o‘zining Twitter’ida u Moskavaga yozma xat yo‘llab, unda Rossiyaga Belarus va Ukraina bilan chegarada joylashgan Qrimdan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketish talabini qo‘ygani haqida ma’lum qilgan.
O‘z navbatida, Stoltenberg esa Lavrovga Ukrainadagi vaziyat, chegaradagi xavfni kamaytirish va qurol-yarog‘ nazorati, jumladan, yadroviy qurollar bo‘yicha yangi muzokaralar o‘tkazishga chaqiruvchi maktub yo‘llaganini bildirgan.
LiveBarchasi