“Britancha” koronavirusga chalingan bolalarda 5 ta alomat kuzatilmoqda

Bu qiziq

image

Dunyo koronavirus pandemiyasiga qarshi keskin kurashayotgan vaqtda ushbu virusning ko‘plab mutatsiyalari ham yuzaga chiqmoqda. Xabaringiz bor, o‘tgan yilning oxirida, Buyuk Britaniyada koronavirusning “britancha” shtammi aniqlandi. Keyinchalik, ushbu shtamm bir qancha davlatlarga ham kirib bordi. Qator davlatlar, jumladan O‘zbekiston ham xavfsizlik chorasi sifatida Buyuk Britaniya bilan aviaqatnovlarni to‘xtatdi. Olimlarning aniqlashicha, ushbu shtamm boshqalariga qaraganda 70 foiz yuqumliroq hisoblanadi. Koronavirusga qarshi kurashish respublika shtabi a’zosi Botir Qurbonov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda esa, “britancha” koronavirusga chalingan bolalarda 5 ta alomat kuzatilayotgani aytildi.

Unga ko‘ra, Buyuk Britaniyada aniqlangan va yuqumliligi jihatidan kuchliroq ekani aytilgan COVID-19 ning yangi shtammi bolalarda biroz boshqacha alomatlar bilan kechayotgani aniqlangan. Bu “ZOE Symptom Tracker” ilovasi yordamida olib borilgan tadqiqotlar tufayli ma’lum bo‘ldi.

Sog‘liqni saqlash bo‘yicha mutaxassislarning fikriga ko‘ra, kasal bolalarning aksariyati charchoqdan aziyat chekadi. Infeksiyani yuqtirgan chaqaloqlarda tez-tez yig‘lash holatlari uchraydi.

Kasallangan bolalarning yarmidan ko‘pi (53 foizi) bosh og‘rig‘idan shikoyat qilgan. Shu bilan birga, ularda qorin og‘rig‘i ham kuzatilmoqda. Shuning uchun, shifokorlar ota-onalarga qorin bo‘shlig‘idagi noqulaylik bilan bir vaqtda paydo bo‘ladigan bosh og‘rig‘i bor-yo‘qligini bolalaridan so‘rab turishlarini maslahat bermoqda.

Yana bir alomat – 37 darajadan yuqori isitma. U koronavirusning “britancha” shtammi bilan og‘rigan bolalarning deyarli yarmida uchragan.

Shuningdek, betob bolalarning 38 foizi tomoq og‘rig‘idan shikoyat qilganini aniqladi. Bu alomat odatda virusli infeksiyaning belgisi. Tomoqdagi og‘riq shamollash, gripp yoki COVID-19 ning belgisi bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, kasallanganlarning taxminan 35 foizi ishtahani yo‘qotganini aytgan. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, ko‘pincha bir yoshga to‘lmagan chaqaloqlar bunga duch kelishadi. Shuning uchun ular ota-onalarga taomni kichikroq qismlarga bo‘lib, bolalarni kam porsiya bilan, ammo tez-tez ovqatlantirishni maslahat beradi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

538

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing