Britaniyadan navbatdagi sanksiyalar: nishonda OAV
Olam
−
04 may 2022
5676Buyuk Britaniya hukumati Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kengaytirib, Ukrainadagi voqealarni yoritgani uchun Butunrossiya davlat televideniya va radioeshittirish kompaniyasi hamda Rossiyadan kelgan ayrim jurnalistlarni ham “qora ro‘yxat”ga kiritdi. Bu haqda TASS mamlakat Tashqi ishlar vazirligi e’lon qilgan bayonotga tayanib, xabar berdi.
Qayd etilishicha, jurnalist Naili Asker-zade, urush muxbirlari Yevgeniya Poddubnogo, Aleksandra Kotsa, Dmitriya Steshina, teleboshlovchi Mixaila Leonteva, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti yordamchisi, “Birinchi kanal” direktorlar kengashi raisi Maksim Oreshkinga qarshi mamlakatga kirishni taqiqlash va bank hisob raqamlari aniqlangan taqdirda ularni muzlatib qo‘yishni nazarda tutuvchi cheklovchi choralar qo‘llanilgan.
Bundan tashqari, “Kamaz” MCHJ, “Otkritiye” rahbari Mixail Zadornov va “Sovkombank” boshqaruvi raisi Dmitriy Gusevga nisbatan cheklovlar joriy etilgan. Buyuk Britaniya rasmiylari yangi cheklovlar doirasida Rossiya kompaniyalariga, buxgalteriya hisobi va boshqaruv konsaltingi sohasidagi Britaniya firmalarining xizmatlaridan foydalanishni taqiqlagan.
Shuningdek, Rossiyaning ijtimoiy tarmoqlar, internet xizmatlari va onlayn do‘konlari ham bloklangan.
“Bizning professional xizmatlar eksportimiz ko‘plab mamlakatlar uchun juda qadrlidir, shuning uchun biz Rossiya uchun bu xizmatlar eshigini yopmoqdamiz”, deyiladi bayonotda.
Xabarga ko‘ra, sanksiyalar ro‘yxatiga Davlat kotibi – Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vaziri o‘rinbosari Nikolay Pankov, RT telekanalining irlandiyalik jurnalisti Brayan Makdonald, Ulug‘ Vatan urushi markaziy muzeyi direktori Aleksandr Shkolnik ham kiritilgan.
Sanksiyalar ostida qolgan tashkilotlar orasida “Inforos” axborot agentligi, “SouthFront” internet resurslari va “Strategik madaniyat” fondi ham bor.
Moskva fizika-texnika instituti, "Ijmash - uchuvchisiz tizimlar" MCHJ, “Radio Avionika” OAJ, “Baykal Electroniks” kompaniyasi ham “Qora ro‘yxat”ga tushib qolgan.
Avvalroq, Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen Rossiya Federatsiyasiga qarshi oltinchi sanksiyalar paketini e’lon qilgan edi.
LiveBarchasi