Britaniyada saratonni davolashning yangi usuli sinab ko‘rildi
Olam
−
05 fevral 2024
5010Londondagi Hammersmit shifoxonasida saraton kasalligini davolashning yangi usuli sinab ko‘rildi. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar berdi.
Bu usul Ribonuklein kislota matritsasi (mRNK) terapiyasi deb nomlanadi. Sinov melanoma, o‘pka saratoni va boshqa o‘smalarni davolashda terapiyaning xavfsizligi va samaradorligini aniqlash uchun o‘tkazildi.
“Yangi mRNK asosidagi saraton immunoterapiyalari kasallikka qarshi kurashish uchun bemorning immun tizimidan foydalanadi, ya’ni kasallik vaksinasini bemorning immun tizimiga yuborish orqali amalga oshiriladi”, deydi London Imperial kolleji doktori Devid Pinato.
Yaqinda butun dunyo bo‘ylab saratonga qarshi bir qator vaksinalar klinik sinovdan o‘tkazildi. Ular ikkita toifaga bo‘linadi: bemorning o‘smalaridan genetik materialini olishga tayanadigan va terapevtik saraton immunoterapiyalari, masalan, mRNK ham shular jumlasidandir.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, eksperimental terapiya hali sinovning dastlabki bosqichida. Agar yondashuv xavfsiz va samarali ekani isbotlansa, saraton kasalliklarining og‘ir ko‘rinishlariga qarshi davolash usullarini ishlab chiqishga yordam beradigan muhim poydevor yaratiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Buyuk Britaniyada deyarli har ikki kishidan biri hayoti davomida saraton kasalligiga chalinadi. Bemorlarni davolash uchun bir qator davolash usullari, kimyoterapiya va immunoterapiya ishlab chiqilgan. Biroq, saraton hujayralari dorilarga chidamli bo‘lib, tibbiyot vositalari aks ta’sir qilishi mumkin.
Qayd etilishicha, yangi mRNK terapiyasi kasallikning erta bosqichidagi bemorlarga taklif qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq JSST 2022 yilda o‘pka saratoni dunyo bo‘ylab eng keng tarqalgan saraton bo‘lganini ma’lum qilgandi. Keyingi o‘rinlarda esa ayollarda ko‘krak saratoni, yo‘g‘on ichak saratoni, prostata saratoni va oshqozon saratoni turishi ochiqlandi.
Ulkanbayeva Rayhona
LiveBarchasi