Britaniya Ukrainaga harbiy ehtiyojlar uchun 4,6 mlrd dollar ajratdi
Olam
−
08 Oktabr
1743Buyuk Britaniya Ukraina uchun britaniyalik ishlab chiqaruvchilardan zamonaviy qurol-yarog‘ sotib olish maqsadida 3,5 milliard funt sterling (taxminan 4,6 milliard dollar) ajratdi. Bu haqda Buyuk Britaniya hukumati rasmiy saytida xabar berildi.
Qayd etilishicha, Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi, Biznes va savdo departamenti hamda ADS mudofaa assotsiatsiyasi vakillaridan iborat savdo missiyasi Ukrainaga borib, kelgusi hamkorlik masalalarini muhokama qilgan. Missiyaning tashrifi 2024 yil iyul oyida imzolangan kelishuvning davomi bo‘lib, unga ko‘ra, Kiyev ushbu mablag‘larni eng yangi britan qurol-yarog‘larini sotib olishga sarflashi mumkin.
Delegatsiyaga Britaniya Mudofaa vaziri o‘rinbosari Lyuk Pollard boshchilik qilgan. U Buyuk Britaniya Ukrainani har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda davom etishini – harbiy texnika yetkazib berish va Ukraina mudofaa sanoati bilan hamkorlikni rivojlantirish orqali yordam ko‘rsatishini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu hamkorlik investitsiyalarni jalb qilish va ikki davlat imkoniyatlarini mustahkamlashga yordam beradi.
Ma’lum bo‘lishicha, tomonlar, shuningdek, Ukrainaning murakkab qurol-yarog‘ va yerusti tizimlariga bo‘lgan ehtiyojlarini muhokama qilgan. Britaniya Mudofaa vazirligi mamlakatning yetakchi kompaniyalari bilan bir nechta muhim shartnomalar imzolagan. Jumladan, Thales kompaniyasi bilan havo mudofaa tizimlari uchun raketalar yetkazib berish bo‘yicha, Sheffield Forgemasters kompaniyasi bilan esa artilleriya qurollari uchun mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha shartnoma tuzilgan.
Ma’lumot uchun, iyul oyida Buyuk Britaniyaning yangi Bosh vaziri Kir Starmer London Ukrainani Rossiyaga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyorligini e’lon qilgan. U telefon orqali Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan suhbatda Londonning Kiyev uchun ishonchli ittifoqchi bo‘lib qolishini tasdiqlagan. Undan avvalroq, Starmer saylovda g‘alaba qozongan taqdirda, konservatorlar va’da qilgan Ukrainaga har yili kamida 3 milliard funt (3,8 milliard dollar) harbiy yordam ajratish majburiyatini bajarishini aytgan. Shuningdek, Bosh vazir Buyuk Britaniyaning harbiy xarajatlarini YAIMning 2,5 foizigacha oshirish niyatini bildirgan.
Bundan tashqari, 19 iyul kuni Ukraina va Buyuk Britaniya mudofaa sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuv imzolagan. Bu kelishuv faqat qurol yetkazib berishni emas, balki ularni ta’mirlash va ishlab chiqarishni ham o‘z ichiga oladi. 11 sentyabr kuni Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi Ukraina uchun qiymati 780 million dollardan oshadigan yangi yordam paketini e’lon qilgan. Sentyabr oyining oxirida London Kiyevga 16 dona AS90 o‘ziyurar artilleriya qurilmasini topshirishi ma’lum bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Britaniya Mudofaa vaziri o‘rinbosari Lyuk Pollard G‘arb davlatlari, xususan, Buyuk Britaniyaning Ukrainaga yordam ko‘rsatishi ortidan harbiy texnika va qurol-yarog‘ zaxiralari bo‘shab qolganini ma’lum qilgan edi.
LiveBarchasi