Britaniya Rossiyaga yangi sanksiyalar joriy qildi

Olam

image

Buyuk Britaniya Rossiyaning yetti nafar fuqarosi va ikkita ilmiy-tadqiqot institutiga nisbatan yangi sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, London ularni rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy va sobiq razvedkachi Sergey Skripalga qarshi qo‘llangan kimyoviy moddalarni ishlab chiqishda ishtirok etganlikda ayblamoqda.

Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, sanksiyalar 2024 yilda Aleksey Navalniy zaharlanganida qo‘llangan epibatidin toksini hamda 2018 yilda Angliyaning Solsberi shahrida Sergey Skripal va uning qiziga qarshi ishlatilgan Novichok asabni falajlovchi moddasi yaratilishiga aloqador shaxs va tashkilotlarga nisbatan qo‘llangan.

Sanksiyalar ro‘yxatiga Rossiyaning SC Signal davlat ilmiy-tadqiqot instituti, Harbiy tibbiyot bo‘yicha davlat ilmiy-tadqiqot va sinov instituti, shuningdek, bir qator yuqori lavozimli amaldorlar va olimlar kiritilgan.

Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Ivett Kuper Rossiyaning kimyoviy qurollardan takroran foydalanganini xalqaro huquqning qo‘pol buzilishi va global xavfsizlikka tahdid deb baholagan.

Shuningdek, Britaniya Mudofaa vazirligi Rossiyaning Bear-F patrul samolyoti Norvegiya dengizi ustidan uchib o‘tganini ma’lum qilgan. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, samolyot suvosti kemalarini aniqlash uchun mo‘ljallangan sonobuylarni tashlagan. Shundan so‘ng u Britaniyaning ikkita F-35 qiruvchisi tomonidan hududni tark etguniga qadar kuzatib borilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi Kengashi ham Kreml tanqidchisi Aleksey Navalniyning o‘limiga sabab bo‘lgan zaharli moddani ishlab chiqishda ishtirok etgan olti nafar shaxsga nisbatan sanksiyalar joriy qilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing