Britaniya Putinni Stalinga qiyoslab, Golodomorni genotsid deb tan oldi
Olam
−
26 may 2023
5522Britaniya parlamenti Golodomorni – Ukrainadagi 1932-1933 yillardagi ocharchilikni – ukrain xalqining genotsidi sifatida tan oldi. Jamoalar palatasi deputatlari kecha, 25 may kuni bir ovozdan rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatladilar.
Ovoz berish tashabbuskori bo‘lgan konservativ partiya matbuot kotibi Polin Lethemning aytishicha, bu harakat Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va butun dunyoga Britaniya parlamenti Ukrainani qo‘llab-quvvatlashi va o‘tmishdagi yoki hozirgi urush jinoyatlariga toqat qilmasligi haqida aniq xabar berishi kerak.
"Sovet Ittifoqi millionlab ukrainaliklarni majburiy ochlik va deportatsiya siyosati bilan qirib tashladi. Bu Ukrainadagi bugungi voqealarni eslatadi. 1930 yillardagi Stalin kabi, bugun Putin ham ukrain xalqi va ukrainaliklar o‘ziga xosligini yo‘q qilishga harakat qilmoqda", deya qo‘shimcha qildi Lethem.
Ukraina Britaniya parlamentining qarorini olqishladi. Oliy Rada raisi Ruslan Stefanchuk hujjat mualliflari Polin Lethem va Styuart Makdonaldga minnatdorlik bildirdi.
“Bu tarixiy adolatni tiklash qarori va dunyoga bunday jinoyatlar hech qachon takrorlanmasligi kerakligi haqida eslatishdir”, deydi u.
Biroq rezolyutsiya ramziy ma’noga ega va Buyuk Britaniya hukumatini hech qanday chora ko‘rishga majburlamaydi.
Golodomor genotsid sifatida
Ukraina tarixi institutiga ko‘ra, 1932-1933 yillarda Ukrainada Iosif Stalin tomonidan olib borilgan zo‘ravon kollektivlashtirish siyosati natijasida yuzaga kelgan ommaviy ocharchilik oqibatida to‘rt millionga yaqin odam halok bo‘ldi. SSSRning boshqa mintaqalarida yana uch millionga yaqin odam vafot etdi.
Ukraina, boshqa ko‘plab davlatlar kabi, bu falokat Sovet Ittifoqi rahbariyati tomonidan ataylab qo‘zg‘atilgan deb hisoblaydi. Golodomor Germaniya, Fransiya, Sloveniya, Belgiya, Irlandiya, Ruminiya, Moldova, Chexiya, Islandiya va boshqa mamlakatlar parlamentlari tomonidan genotsid deb tan olingan. 2022 yil dekabr oyi o‘rtalarida Yevroparlament xuddi shunday qaror qabul qildi. Rossiya Golodomorni ukrainaliklarning genotsidi sifatida tan olmaydi.
LiveBarchasi