Britaniya G7 va YeI bilan Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kelishib oldi – Trass

Olam

image

Buyuk Britaniya “Katta yettilik” (G7) hamda Yevropa Ittifoqi (YeI)dagi hamkorlar bilan Rossiyaga qarshi sanksiyalar haqida kelishib olgan. Bu haqda Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Liz Trass Germaniyaning “Welt am Sonntag” gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qilgan.

“Yon berishlar Rossiyani bostirib kirishidan to‘xtata olmaydi. Biz kuchimizni Ukrainani qo‘llab-quvvatlab, ko‘rsatishimiz kerak. Biz favqulodda vaziyat yuzaga kelganda qattiq sanksiyalar paketi tayyorlanishini ta’minlashimiz kerak. Shu sabab G7 va YeIdagi ittifoqchilarimiz, jumladan Germaniya bilan bu sanksiyalarni allaqachon kelishib oldik”, deydi Britaniya TIV vaziri.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Birlashgan Qirollik Ukrainaga iqtisodiy yordam beradi, shuningdek, kiberxavfsizlikni ta’minlaydi. Shuningdek, Britaniya Kiyevga mudofaa qurollari yetkazib bergan hamda ukrainalik askarlarni tayyorlashga yordam bermoqda. Bundan tashqari, Trass NATOning barcha a’zolari yalpi ichki mahsulotining 2 foizini mudofaaga sarflashlari kerakligini aytgan.

“Biz NATOdagi qo‘shinlarimizdan ham foydalanishimiz kerak”, deya ta’kidlagan vazir Buyuk Britaniya Estoniyada o‘z mavjudligini kuchaytirayotgani, bunday choralar esa Rossiyani keyingi hujumlardan qaytarishi mumkinligini aytib.

Trass yana Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi mumkinligi kirishi mumkinligi haqida bayonot bergan.

“Biz ko‘rayotgan hamma narsa Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishni rejalashtirayotganidan dalolat beradi. Biz qo‘shinlarning chegarada oldinga siljishini, Donbassda soxta bayroq operatsiyalarini, Kiyevga kiberhujumlarni ko‘ryapmiz. U yerda sodir bo‘layotgan voqealar xavotirga solmoqda va bosqinga aylanib ketishi ehtimoli katta”, deydi Trass.

Shunga qaramay, Britaniya vaziri vaziyatga diplomatik yechim topish tarafdori ekanligini aytdi.

“Men diplomatiya ishlashini xohlayman. Rossiya NATO, AQSH va yevropalik hamkorlarimiz bilan jiddiy muzokaralar olib borishini istayman”, deydi u. 

Shu nuqtai nazardan, Britaniya Tashqi ishlar vazirligi rahbari G‘arbda hech kim Yevropada urush bo‘lishini istamasligiga ishontirgan. 

“Bu Ukraina xalqi uchun ham, Rossiya xalqi uchun ham halokatli bo‘ladi”, deya xulosa qilgan Trass.

Qayd etish kerakki, AQSH va G‘arb davlatlari so‘nggi oylarda Rossiyani Ukrainaga bosqin tayyorlashda ayblab kelyapti. AQSH Prezidenti Bayden shaxsan o‘zi Moskva 16 fevral kuni hujum boshlashini aytgandi. Ammo unday bo‘lmadi.

O‘z navbatida, Moskva Ukrainaga bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi ayblovlarni rad etib, chegaraga qo‘shin joylashtirilishi faqatgina harbiy mashg‘ulot uchun ekanini ta’kidlayotgandi. Kreml joriy yilning 20 fevraligacha mashg‘ulot o‘tkazishni belgilagandi. Rasmiy Moskva 15 fevral kuni chegaradagi qo‘shinlarini ortga qaytarishni boshlaganini e’lon qildi.

Biroq bu xabarlarga shubha bilan qaragan AQSH rahbariyati joriy yilning 17 fevral kuni Rossiya Ukraina bilan chegaradagi harbiy mavjudligini 7 ming kishiga oshirganini e’lon qildi. Rasmiylar Kreml “istalgan vaqtda Ukrainaga bostirib kirishni oqlash uchun yolg‘on bahonadan foydalanishi” mumkinligi haqida “dalil olishda davom etmoqda”.

Aytish joizki, hozirda Ukrainaning sharqiy hududlarida joylashgan rossiyaparast, o‘zini suveren deya atovchi hududlar: Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasi (DXR) yetakchilari aholini Rossiyaga evakuatsiya qilmoqda. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa zaxiradagi askar hisoblanuvchi barcha Rossiya Federatsiyasi fuqarolarini harbiy tayyorgarlikka chaqirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

82

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing