Britaniya basketbol jamoasi xalqaro musobaqalardan chetlatildi
Sport
−
16 Oktabr 2025 1153 2 daqiqa
Xalqaro basketbol tashkiloti FIBA tomonidan Buyuk Britaniya Basketbol federatsiyasi (BBF) faoliyati to‘xtatildi. Buning oqibatida Britaniya erkaklar terma jamoasi xalqaro musobaqalarda ishtirok etish huquqidan mahrum bo‘ldi. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, FIBA va Buyuk Britaniya hukumati rasmiylari o‘rtasida olib borilgan muzokaralar natijasida BBF faoliyatini to‘xtatish qarori kuchga kirgan. Bu esa hukumatning keyingi to‘rt yil davomida basketbolga ajratilishi rejalashtirilgan 4,75 million funt sterling miqdoridagi mablag‘ taqsimotiga ta’sir qilishi mumkin.
FIBA bu qarorni Britaniya basketbolida yuzaga kelgan boshqaruv inqirozi sabab qabul qilgan. Joriy yilning avgust oyida tashkilot amerikalik tadbirkor Marshall Glikman boshchiligidagi konsorsiumga 15 yillik litsenziya berib, yangi professional musobaqa Buyuk Britaniya Basketbol Ligasini yo‘lga qo‘yish jarayonini tekshirish uchun ishchi guruh tuzgan edi. Tekshiruvlardan so‘ng mavjud to‘qqizta Superliga klubi tender jarayonini noqonuniy deb hisoblab, BBF'ga qarshi sud ishini boshlagan.
“Vaziyatni to‘liq o‘rganib chiqilgach, Britaniya Basketbol Federatsiyasining erkaklar o‘rtasidagi musobaqalarni litsenziyalash va erkaklar terma jamoasining FIBA turnirlarida ishtirok etish huquqi vaqtincha to‘xtatildi. Bu chora boshqaruvdagi tartibni tiklash va Buyuk Britaniya basketbolida barqaror tizim yaratishga qaratilgan”, deyiladi FIBA bayonotida.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 12 oktyabr kuni BBF raisi Kris Grant shaxsiy sabablarga ko‘ra iste’foga chiqqan.
Live
Barchasi