BRICS sammitida 30 dan ortiq davlat qatnashishi kutilmoqda
Olam
−
20 iyul 2023
5076Janubiy Afrika Respublikasi (JAR)da bo‘lib o‘tadigan BRICS sammitida 30 dan ortiq davlat ishtirok etish istagini bildirdi. Shuning uchun ham mazkur sammit tashkilot tarixidagi eng ko‘p vakillar qatnashgan tadbir bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda bugun, 20 iyul kuni “City Press” gazetasi xabar berdi.
Aytilishicha, ko‘plab davlatlar BRICS’ni NATOga qarshilik ko‘rsatishga qodir bo‘lgan eng tez rivojlanayotgan birlashma, deb hisoblashi sabab, sammitda ishtirok etishga intilmoqda. Ular qatorida Yevropa, Osiyo va Afrika davlatlari ham bor. Sammitga mezbonlik qilayotgan JAR esa ushbu tadbir mamlakatning iqtisodiy o‘sishiga turtki bo‘lishini, turizmni rivojlantirish va sarmoyalarni jalb qilishini kutmoqda.
Xususan, JAR Prezidenti Siril Ramafosa sammit muvaffaqiyatli o‘tishiga ishonch bildirgan va xalqini Afrika qit’asi hamda butun dunyodan kelgan delegatlarga munosib mehmondo‘stlik ko‘rsatishga chaqirgan.
Ma’lumot uchun, BRICS sammiti joriy yilning 22-24 avgust kunlari Yoxannesburg shahrida bo‘lib o‘tadi. Unda nafaqat Braziliya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika rahbarlari, balki Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasidagi BRICS’ga a’zo bo‘lmagan mamlakatlarning Prezidentlari va hukumat vakillari ham ishtirok etishi kutilmoqda. Masalan, Ramafosa barcha Afrika mamlakatlari rahbarlarini sammit tadbirlarida ishtirok etishga taklif qilgan. Yoxannesburgga Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi, Karib havzasi hamjamiyati, Yetmish yettilik guruhiga a’zo davlatlar rahbarlari ham kelishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 19 iyul kuni BRICS’ga a’zo bo‘lgan Rossiyaning Prezidenti Vladimir Putin sammitda videokonferensiya orqali ishtirok etishga qaror qilgandi. Yoxannesburgga esa uning o‘rniga Tashqi ishlar vaziri Sergev Lavrov borishi ma’lum bo‘ldi.
LiveBarchasi