Braziliyalik hakam har safar bizga qarshi qaror chiqaradi – Messi
Sport
−
15 Oktabr 2021
3841Argentina terma jamoasi sardori Lionel Messi JCH-2022 saralashidan o‘rin olgan Peru (1:0) bilan o‘yinni boshqargan braziliyalik hakam Vilton Sampaioning qarorlaridan norozi bo‘lmoqda. Bu haqda futbolchi o‘zining Instagram sahifasida ma’lum qildi.
“Og‘ir va qiyin o‘yin bo‘ldi. Kuchli shamolda raqib qarshiligini sindirish oson bo‘lmadi. Peru chuqur himoyalandi va bitta imkoniyat berdi, xolos. Yaxshiyamki, undan unumli foydalandik. Bu hakam har safar bizga qarshi qaror qabul qiladi. U buni qasddan bajarayotganga o‘xshaydi. Qanday bo‘lmasin, ushbu holat bizni 3 ochkodan mahrum qilmasligi kerak”, deydi Messi.
Gap shundaki, o‘yinning 65-daqiqasida bosh hakam Vilton Sampaio “albiseleste” darvozasi tomon penalti belgiladi va bu holat keskin noroziliklarga sabab bo‘ldi. Biroq, peruliklar hujumchisi Yosimar Yotun vaziyatdan unumli foydalana olmadi.
Ma’lumot uchun, Jahon chempionati saralash turnirining 12-turidan so‘ng, 25 ochko jamg‘argan Argentina guruhda ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Birinchi o‘rinda esa 31 ochko bilan Braziliya termasi bormoqda.