Boyovut hokimi qonunlarni bilmaydimi?

Tahlil 5008
image

O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, import xajmini oshirish va fermer xo‘jaliklarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash muhimligi davlat rahbari tomonidan ko‘p marotaba ta’kidlangan. Fermer xo‘jaliklari huquqlari Yer kodeksi, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan ta’minlangan. Ammo amaliyotda fermer xo‘jaliklariga ijaraga berilgan yer maydonlari qonunga zid ravishda bekor qilinganlik holatlari hamon uchrab turibdi.

Boyovut tuman hokimligi tomonidan 2016 yilda “Djuraboy Dilfuza Fayz”, “Kulmatova Marxabo”, “Miroxirov Ismatillo”  va “Ergashev Firdavs” fermer xo‘jaliklariga 49 yil muddatga yer maydonini ijaraga berish to‘g‘risida shartnomalari tuzilgan. Biroq, tuman hokimining 2019 yil 8 fevraldagi qaror bilan yuqoridagi shartnomalar qonunga zid ravishda bir tomonlama bekor qilingan.

Vaholanki, yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi taraflarning kelishuviga asosan amalga oshirilishi belgilangan. Taraflar kelishuvga erishmagan taqdirda esa, ushbu masala sud orqali hal qilinishi lozim. Shuningdek, tuman hokimligi ijaraga berish shartnomasini bir tomonlama bekor qilish huquqiga ega emasligi belgilangan (belgilangan davr mobaynida).

Mazkur holat bo‘yicha Biznes-ombudsman tomonidan Sirdaryo viloyati hokimligiga Boyovut tumani hokimining 2019 yil 8 fevraldagi qarorini bekor qilish yuzasidan taqdinoma kiritilgan. Natijada Boyovut tuman hokimligining qarori bekor qilinib, “Djuraboy Dilfuza Fayz”, “Kulmatova Marxabo”, “Miroxirov Ismatillo”  va “Ergashev Firdavs” fermer xo‘jaliklariga tegishli jami 11.4 gektar yer maydonlari qaytarib berildi, dey xabar qildi Biznes-ombudsman mutbuot xizmati QALAMPIR.UZ saytiga.

“Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonun mavjud. Unda hokimlarning vakolatlari belgilab qo‘yilgan. Lekin amaliyotda ko‘p hollarda hokimlar mazkur modda doirasidan chetga chiqib, davlat imidjiga putur yetkazib qo‘ymoqda. 

Shu bilan birga, hokimlar o‘zidan avvalgi hokimlar davrida Yer kodeksi va “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan tartibda ajratilgan yerlar yangi hokim tomonidan bekor qilinyapti. Yuqoridagi holat ham bunga yorqin misol bo‘la oladi.

Hokim qabul qilgan va chiqargan hujjatlar ustidan fuqarolar, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar sudga shikoyat qilishlari mumkin. Bunday holatlarda shaxslar hokim tomonidan ularga tegishli yerga bo‘lgan egalik huquqini yoki ijaraga ma’lum davrga ajratilgan yer hujjatini bekor qilish bo‘yicha chiqargan qarori ustidan tegishli prokuror yoki sudga murojaat qilishi lozim.

Bundan tashqari, hokimning O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining hujjatlariga zid, prokuror protest bildirgan qarorlari shu hokimning o‘zi tomonidan yoki yuqori turuvchi hokim yoinki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, zaruratiga qarab esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qayta ko‘rib chiqiladi.

Zafarbek Solijonov
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 79
Reyting: 3.2
t
×