Boshpanaga muhtoj yetim bolalarga yangi qurilgan uy-joylar bepul ajratiladi

Jamiyat

image

18 yoshga to‘lgan, uy-joyga muhtoj yetim bolalarga yangi qurilgan uy-joylar bepul ajratiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev ota-ona qaramog‘idan mahrum va yetim bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi. 

Ta’kidlanishicha, Mehribonlik uylari bitiruvchilarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimi yanada takomillashtiriladi.

“Jumladan, 18 yoshga to‘lgan, uy-joyga muhtoj yetim bolalarga yangi qurilgan uy-joylar bepul ajratiladi. Buning uchun, 757 nafar bolaga uy-joy sotib olishga joriy yilda byudjetdan 120 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Viloyat hokimlari 1 oktyabrga qadar 757 nafar yetim bolalarni uy-joy bilan ta’minlasin”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, yetim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan iqtidorli talabalar stipendiyasi 50 foizga oshiriladi.

“Ota-onasidan ajragan talabalarga pensiya to‘lash muddatini amaldagi 18 yoshdan 23 yoshgacha uzaytirsak, o‘ylaymanki, bu ham adolatdan bo‘ladi. Ushbu talabalarga zarur adabiyotlar sotib olish uchun har yili bir marta 1,2 million so‘m subsidiya beriladi”, deydi Prezident.

Eslatib o‘tamiz, bugungi yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev 122 ming nafar “temir daftar”ga kirgan oila farzandlari, shuningdek 370 ming nafar boquvchisini yo‘qotgan va nogironligi bo‘lgan bolalarga maktabga chiqishi uchun 500 ming so‘mdan berilishini ma’lum qilgan.

Bundan tashqari, davlat rahbari raisligida o‘tgan yig‘ilishda vasiylik, homiylik va patronatga olingan bolalar ham oliygohlarga kirishda Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalari bitiruvchilari uchun ajratilgan qo‘shimcha kvotadan foydalanishi ta’kidlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

31

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing