Bosh prokurorning o‘rinbosarlari yana bittaga ko‘paydi. U energetika sohasini nazorat qiladi
Jamiyat
−
15 fevral 2023
8524O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish sohasida qonunchilikka rioya etilishi va uning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirishga mas’ul bo‘lgan o‘rinbosari lavozimi joriy qilinmoqda. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan shu yilning 13 fevral kuni imzolangan “Yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish sohasida davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida aytilgan.
Bosh prokuror o‘rinbosari:
• O‘zenergoinspeksiya zimmasiga yuklangan vazifa va funksiyalarni bajarishga amaliy yordam ko‘rsatadi;
• Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti faoliyatini muvofiqlashtiradi.
Qarorda Bosh prokuratura ikki hafta muddatda yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish ustidan davlat nazoratini samarali tashkil etish bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritishi belgilangan.
O‘zenergoinspeksiya va uning hududiy boshqarmalari faoliyatini mazkur qaror bilan belgilangan ustuvor yo‘nalishlar asosida yanada takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni samarali amalga oshirish mas’uliyati shaxsan Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va Bosh prokuror o‘rinbosari zimmasiga yuklanadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 21 dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi tashkil etilgan edi.
LiveBarchasi