Bosh prokuratura Olmazor, Yashnobod va Koson tumanlarida o‘tgan saylov bo‘yicha tekshiruv boshladi

Jamiyat

image

Ma’lumki, 22 dekabr kuni O‘zbekistonda Oliy Majlis qonunchilik palatasi va xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman kengashlariga saylovlar bo‘lib o‘tdi. Unda umumiy saylovchilarning 71,1%i ovoz bergani ma’lum qilindi. Ijtimoiy tarmoqlarda esa ayrim hududlarda saylov jarayonlariga ijro hokimiyati va boshqa tashkilotlar tomonidan noqonuniy aralashuvlar bo‘lgani haqida turli xabarlar tarqaldi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ushbu ma’lumotlar asosida tekshiruvlar boshlanganini ma’lum qildi. Jumladan Bosh prokuratura xabarida shunday deyiladi:

"Bosh prokuratura shtabi tomonidan ommaviy axborot vositalari va Internet tarmog‘i, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlarda saylovga oid qonun buzilishi holatlari haqida e’lon qilingan ma’lumot va xabarlar uzluksiz ravishda o‘rganilmoqda.

22 dekabr, ya’ni parlament Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari mahalliy kengashlariga o‘tkazilgan saylovlar kuni Internet tarmog‘ida ayrim hududlarda saylovlar o‘tkazilishida qonun buzilish holatlari sodir etilayotganligi haqida ma’lumotlar e’lon qilindi.

Xususan, Qashqadaryo viloyati Koson tumani xalq deputatlari Kengashi deputatligiga nomzodi ko‘rsatilgan shaxslarni o‘z nomzodlarini qaytarib olishga majburlash, Toshkent shahri Olmazor tumanidagi 10, 23 va 142-sonli saylov uchastkalari ishiga noqonuniy aralashish hamda okrug va uchastka saylov komissiyalariga Toshkent shahri Yashnobod tumanida ovozlarni sanab chiqish bo‘yicha yakuniy bayonnoma nusxasini to‘ldirish va bayonnoma nusxalarini hech kimga tarqatmaslik yuzasidan g‘ayriqonuniy ko‘rsatma berilishi bilan bog‘liq ma’lumotlar tarmoq orqali tarqatilib, keng jamoatchilik orasida muhokamaga sabab bo‘ldi.

Markaziy saylov komissiyasidan yuqorida keltirilgan ma’lumotlar tegishli tartibda ko‘rib chiqish uchun Bosh prokuraturaga taqdim etildi. Shu munosabat bilan, tajribali prokuror-tergov xodimlaridan iborat maxsus guruhlar shakllantirilib, mazkur xabarlarning har biri sinchkovlik bilan har tomonlama o‘rganilmoqda.

Bu borada Markaziy saylov komissiyasi bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatilib, tezkor ma’lumotlar almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.

Tekshirishlar natijasiga ko‘ra xabar beriladi".


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

150

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing