Mirziyoyev Fransiyadan quruq qaytmadi
Jamiyat
−
13 mart 11882 7 daqiqa
Shavkat Mirziyoyev fransiyalik mavqedoshi Emmanuel Makronning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Parijga bordi. Samolyot trapi oldida O‘zbekiston rahbarini Fransiya milliy ta’lim, oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar vaziri Elizabet Born, Parij harbiy okrugi qo‘mondoni general Loik Mizon va boshqa rasmiylar kutib oldi.
Shavkat Mirziyoyev bu safar Fransiyaga bir o‘zi bordi. Unga o‘tgan galdagidek rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva va qizi – Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva hamrohlik qilmadi.
"Orli" xalqaro aeroportida Mirziyoyev sharafiga ikki mamlakat davlat bayroqlari ko‘tarildi, faxriy qorovul saf tortdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi joylashgan qarorgoh oldida Fransiyada o‘qiyotgan, ishlayotgan va ilmiy izlanishlar olib borayotgan bir guruh o‘zbekistonliklar Prezident Shavkat Mirziyoyevni qo‘lida bayroqlar bilan kutib oldi. Prezident esa o‘zi tunaydigan joyga kirayotib, hamyurtlar oldida to‘xtab, ular bilan muloqot qildi.
Bu O‘zbekiston rahbarining Fransiyaga uchinchi tashrifi. U ilk bor Fransiyaga rasmiy tashrifni 2018 yilning 8-9 oktyabr kunlari amalga oshirgan edi. Ikkinchi tashrif esa 2022 yilning 21-22 noyabr kunlariga to‘g‘ri keldi. Aynan shu tashrifda Prezidentga oila a’zolari ham hamrohlik qilgandi.
2023 yilning 1-2 noyabr kunlari esa Emmanuel Makron rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelgandi.
Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga galdagi rasmiy tashrifi asosiy tadbirlari 12 mart kuniga to‘g‘ri keldi. Shu kuni tongda Parijdagi Faxriylar uyida Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Maydonda oliy martabali mehmon sharafiga Fransiya Respublika gvardiyasi, quruqlik qo‘shinlari, harbiy-dengiz va harbiy-havo kuchlari xizmatchilaridan iborat faxriy qorovul saf tortdi. Prezidentlar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladi.
Ikki davlat rahbarlarining muzokaralari Fransiya Prezidentining qarorgohi – Yelisey saroyida bo‘lib o‘tdi. Unda ko‘p qirrali O‘zbekiston-Fransiya munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari yuzma-yuz va delegatsiyalar ishtirokida muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, o‘tgan yilda O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1 milliard yevrodan oshgan, qo‘shma korxonalar soni 4 barobar ko‘paygan.
Mirziyoyev uzoq muddatli kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston-Fransiya investitsiya kengashini ta’sis etish va uning birinchi yig‘ilishini joriy yil iyunda Toshkent investitsiya forumi doirasida o‘tkazishni taklif qildi.
Hududlararo aloqalarni rag‘batlantirish maqsadida kelgusi yilda Samarqand shahrida ikki mamlakat hududlarining birinchi forumini o‘tkazishga kelishib olindi.
Shuningdek, joriy yilda Toshkent shahrida Fransiyadan tajribali mutaxassislarni jalb qilgan holda O‘zbekiston-Fransiya universiteti ochiladi. Fransuz tili o‘qituvchilarini tayyorlash sohasida ham samarali hamkorlik davom ettiriladi.
Ishbilarmonlik, turizm va madaniy almashinuvlarni faollashtirish maqsadida tomonlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish masalasini ko‘rib chiqishga kelishib oldi.
O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabarnomasida Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashgani aytilmoqda. Lekin bu qanday masalalar ekani ochiqlanmagan. Muzokaralarda Rossiyaning Ukrainada uch yilni to‘ldirgan bosqini, Rossiya-Yevropa va Rossiya-O‘zbekiston munosabatlariga e’tibor qaratilganmi yo yo‘q, bunisi mavhumligicha qolmoqda. Ma’lumki, Fransiya Ukrainaga tinchlikparvar kuchlar kiritishni rejalashtirmoqda, bu haqda Makron bir necha bor rasmiy bayonotlar bilan chiqdi. Ehtimol, bu masalalar ham Prezidentlar suhbatidan o‘rin olgandir.
O‘zaro suhbatda ko‘p tomonlama tashkilotlar doirasida bir-birini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish, terrorizm, ekstremizm, radikalizm, kiberjinoyatchilik va xavfsizlikka tahdid solayotgan boshqa zamonaviy xatarlarga qarshi kurashishda sa’y-harakatlarni birlashtirish muhim ekani aytilgan.
Tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yish va muvofiqlashtirish maqsadida tashqi ishlar vazirliklari boshchiligida iqtisodiy idoralarni jalb qilgan holda Strategik rejalashtirish guruhini tuzishga kelishib olingan.
Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari ikki mamlakat o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida tarixiy deklaratsiyani imzoladi.
Davlat rahbarlari huzurida Mutaxassislar va talabalar harakatchanligi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim, diplomatik pasport egalarini viza talablaridan o‘zaro ozod qilish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim hamda Fransiyaning yetakchi kompaniyalari bilan O‘zbekistonda 6,5 milliard yevrolik istiqbolli kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi Investitsiya va innovatsiya sohalaridagi hamkorlik dasturi almashildi.
Shuningdek, O‘zbekiston-Fransiya universitetini tashkil etish to‘g‘risida hukumatlararo bitim, readmissiya to‘g‘risida hukumatlararo bitim, tashqi ishlar vazirliklarining 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi, 2026-2030 yillarda Fransiya taraqqiyot agentligi bilan hamkorlik dasturi, xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiya qabul qilindi.
Uchrashuv yakunida Mirziyoyev Makronni o‘zi uchun qulay vaqtda javob tashrifi bilan O‘zbekistonga kelishga taklif qildi.
Makron bilan muzokaralarni yakunlagan Mirziyoyev BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (UNESCO) bosh direktori Odri Azuleni qabul qildi. Muloqotda BMT tizimidagi ushbu nufuzli tuzilma bilan samarali hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari, shuningdek, joriy yilning kuzida Samarqand shahrida tashkilot Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning amaliy jihatlari muhokama qilingan.
Qolaversa, O‘zbekiston Prezidenti Fransiya ishbilarmon doiralarining yetakchi vakillari bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.
Unda Fransiya bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish muhimligini ta’kidlandi. Qayd etilishicha, Fransiya kompaniyalari bilan 2027 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan innovatsion va sanoat kooperatsiyasi dasturi bunga xizmat qiladi. Unga umumiy qiymati 6,5 milliard yevro bo‘lgan aniq yo‘nalish va loyihalar kiritilgan. Dasturni amalga oshirish doirasida Fransiyaning yetakchi bank va moliya tashkilotlarini faol jalb qilgan holda biznes tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning samarali vositalari keng joriy etilishi ko‘zda tutilgan.
Mirziyoyev muhim mineral resurslarning istiqbolli konlarini o‘zlashtirish va ularni chuqur qayta ishlash, qurilish materiallari, kimyo va farmatsevtika tarmoqlari, elektrotexnika sanoati, qishloq xo‘jaligida zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etish va boshqalarni O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlik hamkorligini yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida ko‘rsatib o‘tdi.
Prezident O‘zbekiston-Fransiya investitsiya kengashini ta’sis etishni taklif qildi. Unga O‘zbekiston tomonidan Bosh vazir rahbarlik qiladi. Birinchi uchrashuvni iyun oyida Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida o‘tkazish mumkinligini aytgan Mirziyoyev, yig‘ilganlarni kengashning to‘la huquqli a’zosi sifatida bo‘lajak tadbirda faol ishtirok etishga chaqirdi.
Tashrif doirasida Parij shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Fransiya Respublikasining oliy mukofoti – Faxriy legion ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mukofotni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron tantanali ravishda topshirdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ham Parijga quruq qo‘l bilan bormagandi. O‘zbekiston rahbari Emmanuel Makronga buyuk fransuz yozuvchisi Viktor Gyugoning o‘zbek tiliga tarjima qilingan “Kulayotgan odam” romanining ilk nusxasini sovg‘a qildi. Ushbu kitob ommaviy nashrdan chiqishi va tez orada kitobxonlar e’tiboriga havola etilishi kutilmoqda.
Shu o‘rinda eslatib ketish kerak, Mirziyoyevga topshirilgan Faxriy legion ordeni 1802 yilda Napoleon Bonapart tomonidan ta’sis etilgan. Fransiyada ushbu orden alohida xizmatlarning davlat darajasida e’tirof etilishi va shon-sharafning eng yuqori belgisi hisoblanadi. Shu kungacha Rossiya Prezidenti Putin, Germaniyaning sobiq federal kansleri Angela Merkel, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kabilar shu orden bilan mukofotlangan. O‘zbekistondan esa bu mukofotga o‘tgan asrda yana bir kishi loyiq ko‘rilgan. U vafotidan keyin ham xoki Fransiyaga dafn qilingan Islombek Xudoyorxon. U Toshkent shahridagi Qashqar mahallasida, Qo‘qon xoni Xudoyorxonning ikkinchi o‘g‘li Muhammad Aminbekxon xonadonida tavallud topgan, ya’ni xonning nabirasi.
Islombek Orenburg va Moskvada o‘qigan. U Turkistonga qaytmadi va Parijga jo‘nab, u yerda Afg‘oniston elchixonasida ish boshladi. Islombekning qay tarzda Parijga borib, u yerdagi Afg‘oniston elchixonasida ish boshlagani to‘g‘risida aniq ma’lumot saqlanmagan. U Afg‘oniston hukumati nomidan Fransiya va Shveysariyada elchixonalar tashkil etib, qariyb 50 yil davomida diplomatiya sohasida mehnat qilgan.
Darvoqe, asosiy mavzuyimizdan uzoqlashmay. Xullas, barcha rasmiy marosimlar o‘tib bo‘lgach, Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron Yelisey saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sharafiga davlat qabul marosimini uyushtirdi.
Qabulda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari, Fransiya Bosh vaziri Fransua Bayru boshchiligida Vazirlar Mahkamasi a’zolari, taniqli madaniyat, san’at va fan arboblari, ishbilarmon doiralar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Yig‘inda Fransiya Prezidenti hatto o‘zbekcha gapirib yubordi.
Umuman olganda, Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifi boshqa tashriflardan samimiyligi bilan anchayin farq qildi. O‘rtada masofa va protokollar bo‘lmadi, eng ko‘p quchoqlashish, eng ko‘p tabassumga boy uchrashuv bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr