Bolgariya Ukrainaga yashirincha o‘q-dori yetkazib bergani aniqlandi – “Welt”
Olam
−
18 yanvar 2023
6433Bolgariya o‘tgan yilning bahoridan boshlab Ukrainaga yashirincha o‘q-dori yetkazib kelgan. Bu Ukraina qurolli kuchlari ehtiyojlarining uchdan bir qismini ta’minlagan. Bu haqda Germaniyaning “Welt” nashri o‘z tadqiqotlariga tayanib xabar berdi.
“Bolgariya Ukrainaga qurol yetkazib berishga qarshi pozitsiyasi bilan mashhur edi. Ammo “Welt” tadqiqoti shuni ko‘rsatadiki, urushning muhim oylarida Sofiya Kiyevni o‘q-dorilar va dizel yonilg‘isi bilan qo‘llab-quvvatlagan”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Bolgariya hukumati Ukrainaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki xorijiy vositachi firmalar ko‘magida o‘qdori eksport qilgan. Ukraina chegarasidan 70 kilometr uzoqlikda joylashgan Rzeshov ayeroporti (Polsha) yetkazib berishda muhim rol o‘ynadi. Bundan tashqari, Ruminiya va Vengriya orqali o‘tadigan quruqlik yo‘llari ham o‘qdori o‘tkazish uchun koridor vazifasini o‘tagan. Bolgariyaning sobiq bosh vaziri Kiril Petkov ham urushning dastlabki bosqichida Ukraina armiyasiga zarur bo‘lgan o‘q-dorilarning qariyb uchdan bir qismi Bolgariyadan yuborilganini tasdiqlagan.
Shuningdek, Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba ham Bolgariya Ukraina harbiylariga yordam ko‘rsatganini qayd etdi.
“Biz Bolgariya omborlarida bizga kerak bo‘lgan katta miqdordagi o‘q-dorilar borligini bilardik, shuning uchun Prezident Vladimir Zelenskiy meni diplomatik epchillikdan foydalanib, kerakli materiallarni olish uchun yubordi”, dedi Kuleba.
Kuleba 2022 yil aprel oyida Bolgariya poytaxti Sofiyaga tashrif buyurgan edi. Shu paytdagi Bolgariya Bosh vaziri Petkov ukrainalik vazirga mamlakatdagi ichki siyosiy vaziyat “og‘ir” ekanini, biroq u qo‘lidan kelgancha yordam berishini aytgan. Kulebaning ta’kidlashicha, bu yordam natijasida NATO davlatlari va Ukraina firmalari o‘zlariga zarur bo‘lgan hamma narsani bolgar yetkazib beruvchilaridan sotib olish imkoniyatiga ega bo‘lgan.
LiveBarchasi