Bolasiga “Dok-1 Maks” ichirgan ota-onalar nima qilishi kerakligi aytildi

Salomatlik

image

Ayni paytda farzandiga “Dok-1 Maks” siropini bergan ota-onalar ushbu dori vositalari haqidagi xabarlarni eshitgach, xavotirga tushgan bo‘lishi tabiiy hol. Bugun, 29 dekabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan brifingda Sog‘liqni saqlash vazirligi Onalik va bolalikni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Sevara Ubaydullayeva ushbu holatda qanday yo‘l tutish kerakligini ma’lum qildi.

“Agar farzandingizga “Dok-1 Maks” siropini ichirgan bo‘lsangiz va bugungacha bolangizning holati yuzasidan hech qanday xavotirli shikoyatingiz bo‘lmasa ham o‘zingiz yashab turgan hududdagi oilaviy shifokorga yoki tez tibbiy yordamga murojaat qiling”, deydi u.

Sevara Ubaydullayeva shifokorlar bolani to‘liq nazoratga olishi kerakligini ta’kidlagan.

“Bolangizdagi holatni shifokorlar to‘liq o‘rganib chiqishi kerak. Dori vositasining tarkibidagi zaharli moddaning organizmga qanchalik ta’sir qilish-qilmasligi va bola qabul qilgan dozaga bog‘liqligi ham bugungi kunda tasdiqlanmoqda. Agar “Dok-1 Maks” vositasini qabul qilib, bugun bolangizning ahvoli yaxshi bo‘lsa, shifokorlarga murojaat etganingizdan so‘ng, ular buni to‘liq nazoratga oladi”, dedi Ubaydullayeva.

Uning qo‘shimcha qilishicha, dori iste’mol qilgan bolalarda qandaydir o‘zgarish kuzatiladigan bo‘lsa, tez tibbiy yordamga yoki respublika shoshilinch tibbiy yordam markazining barcha hududiy filiallariga zudlik bilan murojaat qilish zarur.

“Sababi shuki, bu bolalarning organizmiga zaharli moddalar tushganidan so‘ng kuzatilishi mumkin bo‘lgan o‘tkir buyrak yetishmovchiligining og‘ir holatlarini qayta tiklash qiyin bo‘lishi mumkin. Zudlik bilan murojaat qilganinigizda bolalarni saqlab qolish imkoniyatini oshiradi”, deya ta’kidladi Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’uli.

Eslatib o‘tamiz, “Dok-1 Maks”ni fosh qilgan shifokorlar nega ishdan bo‘shatilgani haqida xabar bergan edik.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1120

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing