Bolasi xususiy bog‘cha va maktabga boradigan ota-onalarga soliq imtiyozi beriladi
Jamiyat
−
04 yanvar 2022
32569Farzandlarini xususiy bog‘cha va maktabga bergan ota-onalarning 3 million so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlari daromad solig‘idan ozod etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni loyihasida so‘z boradi. Farmon o‘tgan yilning 30 dekabr kuni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.
Taraqqiyot strategiyasida ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalar doirasida 2022 yilda:
a) 1 apreldan boshlab nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarga farzandlarini yuborayotgan ota-onalarning 3 million so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlari daromad solig‘idan ozod etiladi.
• Farmon loyihasida Moliya vazirligi Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda Soliq kodeksi va boshqa qonunchilik hujjatlariga tegishli o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi loyihalarni Vazirlar Mahkamasiga kiritishi belgilangan;
b) o‘rta ta’lim tizimini zamon talablariga moslashtirish maqsadida:
• umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida darsliklarni yangilash dasturini amalga oshirish uchun Davlat byudjetidan 605 mlrd so‘m ajratiladi;
• 141 mingta yangi o‘quv o‘rinlari yaratilib, ularning soni 2026 yil yakuniga qadar 1,2 milliongacha yetkaziladi;
• maktab o‘quvchilarini kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha davlat buyurtmasi asosida umumta’lim maktablari kasb o‘rganish istagidagi bitiruvchilarini davlat tomonidan kamida bir kasbni egallashiga ko‘maklashuvchi tizim joriy etiladi;
Farmon loyihasida Xalq ta’limi vazirligi Moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda yangi o‘quv o‘rinlarini yaratish va maktab o‘quvchilarini kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha choralarni ko‘rib borishi kerakligi belgilangan.
Bunda, umumta’lim maktablarini “Ishga marhamat” monomarkazlariga biriktirish hamda maktablarni o‘quv markazlari bilan o‘zaro bog‘lovchi elektron platformani yaratish nazarda tutilmoqda.
LiveBarchasi