Bolalarni urib tarbiyalasa bo‘ladi…mi?

Jamiyat

O‘zbekistonda 2023 yilning to‘qqiz oyi davomida 1 200 dan ortiq voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari qayd etilgan. Aksariyat hollarda bolalarning yaqinlari, qarindosh-urug‘lari tomonidan ularga nisbatan kuch ishlatilgan. “Ha, bolani tarbiyalash uchun turtib turish kerak-da”, yo bo‘lmasam “Bolani urib tarbiyalab bo‘lmaydi” deyayotgandirsiz, bu sizning fikringiz. Bugun QALAMPIR.UZ aynan shu mavzuni batafsil o‘rganish maqsadida aholi o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi.

So‘rovnomada ishtirok etgan aksariyat fuqarolar bolalarni urib tarbiyalab bo‘lmasligini, aksincha ularga nisbatan yaxshi muomalada bo‘lish kerakligini ma’qulladi.

“Yo‘q, bolalarni urib tarbiyalab bo‘lmaydi. Bolalarni o‘qituvchilardek tarbiyalash kerak. Ular eng chiroyli tarbiya beruvchi kasb egalaridir. Men o‘zim shifokorman. Lekin shifokorlar ham o‘qituvchilardan qolishmaydi”, deydi so‘rovnoma ishtirokchisi.

“Bu narsa umuman noto‘g‘ri, men bunga qarshiman. Misol uchun, oldingizda gul turibdi, uni sindirib olsangiz qanday bo‘ladi?! Bu narsa bolaning ruhiyatiga, kelajagiga ta’sir qiladi”, deydi yana biri.

“Bolalarni urib tarbiyalash noto‘g‘ri. Ularni faqat yaxshi gapirib, to‘g‘ri tushuntirib tarbiyalash kerak. Ursangiz battar bo‘lib ketadi. Sizga “naprinsip” bo‘lib, keyin gap ham, kaltak ham ta’sir qilmaydigan bo‘lib qoladi. Mening ham uchta bolam bor, aytgan narsasini muhayyo qilib beraman. Bu ham noto‘g‘ri narsa, albatta”, deydi boshqa bir fuqaro.

Ammo so‘rovnoma ishtirokchilaridan ayrimlari bolani ba’zan turtib turish ham naf berishini aytdi.

“Yaxshilab urish kerak. Sakkizta o‘g‘lim bor, ulardan faqat ikkitasini uylantirdim. Farzandlarimni urganman”, deydi yoshi elliklar atrofidagi erkak.

“Bolalarni urib turish kerak. Mening fikrim shu. Gapga kirmasa nima qilish kerak?! Men ham kaltak yeganman, lekin bolalarimni urmaganman”, deydi boshqa biri.

So‘rovnomada qatnashgan yoshi katta fuqarolar esa bolalarni urib tarbiyalashni keskin qoraladi.

“Bu narsa noto‘g‘ri. Men ham farzandlarimni quloq solmaganida, ko‘chaga o‘zboshimchalik bilan chiqib ketganida urganman. Lekin hozir yigirma nafar nevaram bor. Bolalarga faqat mehr berish kerak, shunda ular hech qachon o‘zboshimchalik bilan ish qilmaydi”, deydi onaxon.


Maqola muallifi

Teglar

so'rovnoma

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing