Bolalarni chet davlatda qoldirib kelishga javobgarlik belgilanyapti
Jamiyat
−
23 noyabr 2022
4694O‘zbekistonda ota yoki ona yoxud ularning o‘rnini bosuvchi shaxs yoki hamrohlik qiluvchi shaxs tomonidan bolaning chet davlat hududida nazoratsiz qoldirilishi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilanmoqda. Bu haqda kecha, 22 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida so‘z bordi.
Deputatlar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga bola huquqlari himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini muhokama qildi.
Keyingi yillarda mamlakatda bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy asoslari mustahkamlanib, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bir qator qonunlar qabul qilinganiga qaramay, so‘nggi vaqtlarda bolalarni nazoratsiz turli chet el davlatlarida qoldirib kelish kabi salbiy holatlar voyaga yetmaganlarning jismoniy, intellektual, ruhiy va ma’naviy ahvoliga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Ushbu hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 14-moddasi yangi qism bilan to‘ldirilib, unda ota yoki ona yoxud ularning o‘rnini bosuvchi shaxs yoki hamrohlik qiluvchi shaxs tomonidan bolaning chet davlat hududida nazoratsiz qoldirilishi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilanmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik kodeksi bolani chet el davlati hududida nazoratsiz qoldirish to‘g‘risidagi 476-modda bilan to‘ldirilmoqda. Mazkur qo‘shimchaga ko‘ra, ota yoki ona yoxud ularning o‘rnini bosuvchi shaxs yoki hamrohlik qiluvchi shaxs tomonidan bolani chet el davlati hududida nazoratsiz qoldirish bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Taklif etilayotgan qonun loyihasi muvofiq, Jinoyat kodeksiga 122-1-moddaning kiritilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 345 va 381-2-moddalarida jinoyat ishining tergovga tegishliligiga aniqlik kiritilib, surishtiruv va dastlabki tergov ishlari ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirilishi belgilanyapti.
Deputatlarning aytishicha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini kuchaytirishga hamda ularning barkamol avlod bo‘lib yetishishlarini ta’minlashga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Shuni alohida aytish o‘rinliki, so‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda bolalarni chet el maktablariga yuborish urfga kirgan. Bunday holatlar qonunchilikda javobgarlikka sabab bo‘ladimi yo yo‘q, bunga aniqlik kiritilmagan.
LiveBarchasi