Isroil-Falastin urushiga jim turmagan O‘zbekiston, Putinning SSSRni tiklash havasi, singdirilayotgan rus tili – Hafta tahlili
Olam
−
14 Oktabr 2023
19215Qayerda janjal chiqsa, oiladami, er-xotinu, aka-uka yo qarindoshlar o‘rtasidami, ilk zarar ko‘radigan, kattalarning qahri azobini chekadigan bolalar bo‘ladi. Ota-ona ajrashadi, o‘rtada bola sarson. Qarindoshlar janjallashib qolsa, bolalar ham hatto, salomlashmay qo‘yadi. Men hozir keltirgan bu misollarni davlatlarga nisbatan ham qo‘llash mumkin. Davlatlarning u yo bu manfaatlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarida ham oddiy odamlar, bolalar qurbon bo‘ladi. O‘tgan bir haftada G‘azo sektorida boshlangan qurolli to‘vnashuv oramizdan 600 dan ortiq falastinlik bolani olib ketdi. Raqamlar soat sayin ortmoqda. Bolalar o‘lmagan, tinch mamlakatlarda esa zo‘ravonlik, tazyiqlar va tahdidlar qurboni bo‘lmoqda. O‘zbekistonda bolalarga nisbatan jismoniy va psixologik zo‘ravonlikning boshqa nomi bor. “An’anaviy tarbiya!” Men aytgandek an’anaviy tarbiya olgan qadrli kuzatuvchilar, xo‘sh, bugun bolani qanday tarbiyalash kerak? Uni ba’zi-ba’zida, tarbiya uchun kaltaklab turish to‘g‘rimi? Fikrlaringizni izohlarda yozib qoldiring va biz Hafta voqealari tahlilini boshlaymiz.
Yervoparlament deputati o‘zbekistonliklarning taqdiridan xavotirda
Yevroparlament deputati Viola fon Kramon O‘zbekistonning 35 milliondan ziyod aholisini og‘ir ekologik halokat kutayotganini aytib chiqdi.
Kramonning fikricha, Xitoy va Rossiya kabi avtokratik qo‘shnilari mamlakatni o‘zlarining shaxsiy o‘yin maydonchalariga aylantirib olgan. Mamlakatda suv resurslari noto‘g‘ri boshqarilmoqda, shaharlar zaharli changga botgan va mamlakat qisman cho‘lga aylanmoqda.
“Agar bu jarayonlar to‘xtatilmasa, O‘zbekistonning 35 milliondan ortiq aholisini ekologik halokat kutmoqda. Yevroittifoqning navbatdagi kengayishi O‘zbekistonni Ittifoqqa ancha yaqinlashtiradi. Uning xalqi Xitoy va Rossiyaga muqobil demokratiyaga loyiqdir. Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoga yaqinroq bo‘lishi kerak. Shunda odamlar hayotini yaxshilash va O‘zbekistonning noyob ekotizimini himoya qilish uchun ko‘proq ish qila oladi”, deydi Viola fon Kramon.
O‘zbekistondagi ekologik halokatga O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova ham befarq emas. Uning aytishicha, 2030 yilga borib, mamlakatda qurg‘oqchilik e’lon qilinadi.
Yulduz Usmonova suv haqida gapirayotib, negadir Qo‘shtepa kanaliga to‘xtalmagan. Har holda “Tolibon” tugayotgan haftada Qo‘shtepa kanalini qurishning ikkinchi bosqichiga start berdi. Bunga birozdan keyin to‘xtalamiz.
Bolajon xalqning boshida kaltak sinayotgan bolalari
2023 yilning to‘qqiz oyi davomida O‘zbekistonda 1240 ta voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari qayd etilgan bo‘lib, ularning 417 nafari jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan. Bu faktlarni Prezident Shavkat Mirziyoyevning kenja qizi, Ijtimoiy himoya agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva Toshkentda o‘tkazilgan tadbirda keltirdi. Uning aytishicha, haqiqiy raqamlar bundan bir necha bor ko‘p bo‘lishi mumkin.
Shahnoza Mirziyoyeva mamlakatda oilaviy zo‘ravonlik holatlari ko‘payib borayotganini aytib, dahshatli raqamlarni e’lon qildi.
“Zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan bolalar odatda zo‘ravonlikka duchor bo‘lganliklari haqida xabar bermaydilar. Ko‘pincha ular qo‘rquv, uyat hissi yoki oilaga sadoqat hissi sabab sodir bo‘lgan holat haqida indamaydi. Ayniqsa, zulm qiluvchi shaxs bolaga yaqin odamlardan biri bo‘lsa”, deydi Mirziyoyeva.
Jahon miqyosida joriy ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, har yili dunyo bo‘ylab 1 milliarddan ortiq bola jismoniy, hissiy yoki jinsiy zo‘ravonlikka duchor bo‘ladi. Yaqinda o‘tkazilgan Multiindikator klaster kuzatuvi (MICS) shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekistonda 1 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan 3 nafar boladan 2 nafari, ya’ni 62% bolalar zo‘ravonlik bilan tarbiyalash usullarini boshdan kechirgan, 15-19 yoshli qizlarning 33 foizi er o‘z xotinini kaltaklashga haqli deb hisoblaydi.
Mirziyoyeva “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini qabul qilish uchun milliy darajada tezkor va qat’iy choralar ko‘rishga chaqirdi. 27 oktyabrgacha muhokamaga qo‘yilgan qonun loyihasi jami 43 moddadan iborat bo‘lib, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilganlarga jinoiy jazo yengillashtirilmaydi va hech qanday amnistiya berilmaydi.
Shuningdek, qonun bilan endilikda O‘zbekistonda pedofillarning reyestri yuritiladi. Xo‘sh, bu nima degani. Bu pedofillarning ro‘yxati shakllantiriladi, degani. Siz bu haqda nima deysiz? Shunchalikka borish kerakmi? Izohlarda fikrlaringizni yozib qoldiring.
Mirziyoyev MDHda mukofotiga loyiq ko‘rildi
13 oktyabr kuni Qirg‘izistonning Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan MDH davlat rahbarlarining sammitida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining Faxriy ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Mukofotni berish tashabbusi joriy yilda tashkilotga raislik qilgan Qirg‘iziston Respublikasi tomonidan bildirilgan.
Mukofotni Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarov topshirayotib, Mirziyoyevning Markaziy Osiyo xalqlari farovonligi va barqaror rivojlanishi, mustahkam qo‘shnilik va qardoshlik munosabatlarining izchil davom etayotgani, uzoq yillar yechilmay kelgan muammolarga tinch yo‘l bilan yechim topilgani va bunda Mirziyoyevning beqiyos hissasi borligi haqida uzoq irod qildi.
Haqiqatan ham. Mirziyoyevning Markaziy Osiyoda so‘nggi yillarda an’anaviy tus olgan muloqot formatiga qo‘shgan hissasini alohida e’tirof etish mumkin. 2016 yilgacha nafaqat dunyodan, balki qo‘shnilaridan ham yakkalanib qolgan, chegaralaridan qush uchsa qaqshaydigan O‘zbekiston bugun Markaziy Osiyoda rishtalarni bog‘lab turuvchi bog‘ichga aylandi. Ammo globallashuv o‘ziga yarasha muammolarni ham yetaklab kelmayapti, deb aytish qiyin.
Toliblar Qo‘shtepaning ikkinchi bosqichiga start berdi
Masalan, Afg‘onistonda Qo‘shtepa kanalining ishga tushirilishi Markaziy Osiyodagi suv rejimi va muvozanatini tubdan o‘zgartirishi mumkin. “Tolibon” esa bu hafta kanal qurilishining ikkinchi bosqichiga start berdi. Afg‘oniston shimolidagi Balx viloyatida bo‘lib o‘tgan tadbirda “Tolibon”ning yuqori martabali vakillari qatnashgan.
Unda qurilish yakuniga yetgach, Afg‘oniston o‘zini o‘zi g‘alla bilan to‘liq ta’minlay olishi aytildi.
Ikkinchi bosqichga start berish marosimida “Tolibon” vakillari mintaqa davlatlari, xususan, O‘zbekistonni Qo‘shtepa kanali qurilishidan xavotirlanmaslikka chaqirgan. Ular mintaqa davlatlarining xavotirlarini diplomatik yo‘llar orqali hal qilishga tayyorligini bildirgan.
“Afg‘onlar g‘ayratli xalq bo‘lib, o‘z majburiyatlari va va’dalariga sodiqdir. Biz chegaradan o‘tmaymiz va huquqlarimizni himoya qilamiz", deydi “Tolibon” ichki ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Sirojiddin Haqqoniy.
Qo‘shtepa kanalining uzunligi 280 kilometr, eni 100 metr bo‘lib, u Balx viloyatining Qaldar tumanidan boshlanib, Jauzjon viloyatidan o‘tib, Andxoy Faryob tumaniga yetib boradi.
Amudaryo mintaqadagi barcha mavjud suv resurslarining 80 foizini tashkil qiladi. Ba’zi hisob-kitoblarga ko‘ra, besh-olti yil ichida kanal qurib bitkazilganidan so‘ng, daryo bo‘ylab Turkmaniston va O‘zbekistonga oqib tushadigan suvning o‘rtacha hajmi uning umumiy quvvatining 50 foizigacha qisqaradi.
Aytilishicha, bu O‘zbekistonda asosiy ekin bo‘lgan paxta maydonlarini sug‘orish uchun muhim suv resurslari yetishmasligini anglatadi.
Ekspertlar tomonidan olib borilgan o‘rganishlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 2030 yilga borib 7 mlrd kub metr suv tanqisligi yuzaga keladi. Bu esa mamlakatning 33 ta suv tanqis hududlar qatoriga tushib qolishiga sabab bo‘ladi.
Yoshlar ongiga rus tili rasman singdiriladi
Men sizga aytsam, yaqin o‘rtada bolalaringiz rus tilini o‘qib-o‘rganishiga jiddiyroq e’tibor qaratavering. Nega deysizmi? Vaziyatning o‘zi shuni taqozo etyapti. 13 oktyabr kuni Bishkekda bo‘lib o‘tgan Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi mamlakatlari Prezidentlari sammitida 17 ta qo‘shma hujjat imzolandi. Sammitda rus tili bo‘yicha xalqaro tashkilot tuzish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Hamdo‘stlik Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan qo‘shma bayonotda aytilishicha, MDH davlatlari yoshlarni rus tilini o‘rganish va undan keng foydalanishga targ‘ib qiladi.
“Yoshlarning rus tilini o‘rganish va undan foydalanishga bo‘lgan intilishini rag‘batlantirish, uni o‘rganishga bo‘lgan ehtiyojni qondirish uchun qulay shart-sharoit va imkoniyatlar yaratiladi”, deyiladi hujjatda.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu targ‘ibot rus tilini o‘qitish sifatini yaxshilash, shu jumladan, xalqaro ta’lim loyihalarini yo‘lga qo‘yish, rus tili o‘qituvchilarining malakasini oshirish, shuningdek, tegishli tanlovlarni o‘tkazish orqali qo‘llab-quvvatlanadi.
Hujjatda qayd etilganidek, MDH a’zolari rus tilining iqtisodiy, madaniy-gumanitar va ilmiy sohalarda qo‘llanilishini kengaytirish tarafdori bo‘lib, Hamdo‘stlik mamlakatlari keng aholisi orasida uning jozibadorligini oshirish va ommalashtirish uchun birgalikda sa’y-harakatlarni amalga oshiradi.
Isroil va Falastin. Dunyo kuchlari qaysi tomonda?
Xabaringiz bor, joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlaganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ga start berdi. Xullas, G‘azodagi qurolli to‘qnashuv hali-beri tinadiganga o‘xshamaydi. Dunyo kuchlari esa allaqachon tarafini bildirdi. AQSH har qanday shaklda Isroilning yonida bo‘lishini aytsa, Rossiya Falastin va musulmonlar huquqlarini himoya qilish haqida bong urmoqda.
AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Isroilga borib, boshqa davlatlar yoki terrorchilar tomonidan hujum qilingan taqdirda, AQSH Isroilni himoya qilishini aytdi.
"Isroilda va boshqa joylarda biz Prezident Bayden kecha e’lon qilgan aniq ogohlantirishni takrorlaymiz. Bu hozirgi inqirozdan foydalanish va Isroilga hujum qilish haqida o‘ylayotgan davlat yoki har qanday nodavlat tuzilmaga qaratilgan. Ovora bo‘lmang! Qo‘shma Shtatlar Isroilni qo‘llab-quvvatlaydi”, deydi Blinken.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroilning mudofaa ehtiyojlari ortib borayotgani sababli, Davlat departamenti ularni qondirish uchun AQSH Kongressi bilan hamkorlik qilmoqda. U HAMASga qarshi kurashda Isroil millati va dinidan qat’i nazar, tinch aholiga zarar yetkazishdan qochishi kerakligini urg‘uladi.
Vladimir Putinning vaziyatdan yaxshi foydalanib, dunyo Islom olamining e’tiborini tortib aytishicha, “Falastin muammosi har bir musulmonning qalbida va adolatsizlik sifatida qabul qilinadi”.
Putinga ko‘ra, Isroil tashkil etilganida birdaniga suveren Falastinni yaratish haqida gap ketgan, ammo bu hech qachon amalga oshirilmagan.
U mintaqada zo‘ravonlikning sabablaridan biri sifatida Isroilning "joylashuv siyosati"ga ishora qildi. Isroilda har ikki tomonni “ayollar va bolalarni tinch qo‘yishga”, erkaklarni esa “o‘zaro” jang qilishlariga chek qo‘yishga chaqirdi.
“Isroildagi mojaroning kengayishi jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, jumladan, energetika sohasida ham”, deydi Putin.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning fikricha, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa tashkilotlar Falastin xalqini yolg‘iz qoldirdi, va’dasining ustidan chiqmadi va falastinliklarning huquqini himoya qilmadi.
Erdo‘g‘anga ko‘ra, Al-Aqso masjidiga hurmat ko‘rsatilmasa, Isroilga nisbatan boshlangan qurolli hujum oxirgisi bo‘lishiga hech kim kafolat bermaydi.
“Mintaqada doimiy osoyishtalik va tinchlik faqat qonuniyligi Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyalariga asoslangan, 1967 yildagi chegaralari va geografik yaxlitligi, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan, butun dunyo tomonidan tan olingan mustaqil Falastin davlatining barpo etilishi bilan kelishi mumkin. Biz uchta samoviy dinning muqaddas maskanlarini o‘zida mujassam etgan Quddusning hayotiga, Masjidul Aqso joylashgan Haram ash-Sharif maqomiga hurmat ko‘rsatmaydigan hech qanday qadam yoki chorani qabul qilganimiz yo‘q va qabul qilmaymiz”, deydi Erdo‘g‘an.
U hafta davomida qilgan chiqishlarida, mintaqadagi terrorchilik harakatlarida Amerikani aybladi.
“Amerika hozirda barcha terrorchi tashkilotlarni tayyorlamoqda, o‘qitmoqda va qurollantirmoqda va afsuski, xoh Suriya bo‘lsin, xoh Yaqin Sharq, mintaqani qon ko‘liga aylantirmoqda”, deydi Turkiya rahbari.
Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro ham Isroilning harakatlariga jim turgani yo‘q. U Isroilni Falastin xalqini ommaviy qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi.
“Dunyo javob berishi va G‘azo sektori aholisiga qarshi genotsidga, Falastin xalqiga nisbatan qotillikka yo‘q deyishi kerak”, deydi davlat rahbari.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi esa Falastin-Isroil mojarosi hududida tinch aholi orasida ko‘plab qurbon berilishiga olib kelgan va butun Yaqin Sharqdagi vaziyatni sezilarli darajada murakkablashtirgan holat keskinlashganidan jiddiy xavotir bildirdi.
TIV kurashayotgan tomonlarni qurolli qarama-qarshilikni tez fursatlarda tugatish va inqirozni siyosiy hamda diplomatik vositalar orqali hal qilish uchun barcha choralarni ko‘rishga chaqirgan.
Rossiyaning pinjiga kirayotgan Qirg‘iziston
Qirg‘iziston tobora Rossiyaga yaqinlashishda davom etmoqda. Joriy yil ilk xorijiy tashrifini Bishkekka amalga oshirgan Putin quruq qo‘l bilan kelgani yo‘q. Mezbon Sadir Japarovni “Shon-sharaf” ordeni bilan mukofotladi va Qirg‘izistonni Rossiyaning asosiy savdo hamkori deb atadi.
Qirg‘iziston parlamenti deputatlari esa tugayotgan haftada Rossiya Federatsiyasi bilan havo hujumidan yagona mudofaa tizimini yaratish bo‘yicha kelishuvni ratifikatsiya qildi.
Ushbu hujjat asosida Rossiya va Qirg‘izistonning yagona mintaqaviy havo hujumidan mudofaa tizimi yaratilmoqda. Rossiyaning Kant shahridagi aviabazasi yaqinida kelishuv amal qilish muddatiga Qirg‘iziston tomoni 5 gektar maydonli yer uchastkasini beradi.
Qirg‘iziston va Rossiya 2022 yil 16 avgustda birgalikda havo hujumidan mudofaa tizimini yaratishga qaror qildi. Qirg‘iziston parlamenti tomonidan ma’qullangan hujjat Qirg‘iziston Prezidenti tomonidan imzolanishi kerak.
Endilikda Rossiya havo hujumidan yagona mudofaa tizimini faqat Qirg‘izistonning o‘zi bilangina yaratishdan qoniqmayapti. Uni butun MDH bo‘ylab yakdillikda amalga oshirmoqchi. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning o‘zi Bishkekka tashrifi davomida aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Hamdo‘stlik davlatlari rahbarlarining barchasi uni rivojlantirish istagini bildirgan.
"Havo hujumiga qarshi mudofaa tizimining yaratilishi – juda muhim voqea. Ayniqsa, bu mamlakatlarimiz xavfsizligini ta’minlash uchun yuqori texnologiyali va qimmat elementlar ekanligini hisobga olsak. Shuning uchun hamma bu taklifga rozi bo‘ldi, nafaqat rozi bo‘lishdi, balki uni rivojlantirish istagini bildirishdi”, deydi Putin.
AQSHga o‘g‘rincha kirayotganlar orasida o‘zbekistonliklar yetakchi
O‘zbekiston fuqarolari so‘nggi ikki yil ichida AQSH chegarasini noqonuniy kesib o‘tuvchilar orasida uchinchi o‘rinni egalladi.
Qo‘shma Shtatlar chegara xizmatining ushbu statistikasi Vashington nuqtai nazaridan AQSH milliy xavfsizligiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan shubhali mamlakatlar sifatida shakllantirilgan.
Unga ko‘ra, oxirgi ikki yil davomida 13 624 nafar o‘zbekistonlik AQSH chegarasini noqonuniy kesib o‘tishga uringan.
Amerikaga noqonuniy yo‘llar bilan kirishga urinayotgan fuqarolari soni bo‘yicha Turkiya peshqadamlik qilmoqda. Bu yil 30 830 nafar turkiyalik chegarani buzib kirgan. Undan keyingi o‘rinlarda esa Mavritaniya va O‘zbekiston bormoqda.
O‘zbekistonlik muhojirlar AQSHga eng mashhur yo‘llardan biri Meksika orqali boradi. Ular “O‘zbekiston – Turkiya (Ispaniya) – Boliviya – Kolumbiya – Meksika – AQSH” yo‘nalishi bo‘yicha Qo‘shma Shtatlarga yo‘l oladi. Xo‘sh, shuncha zahmat chekib, qo‘pol qilib aytganda it azobini ko‘rib, timsohlar bor ko‘llardan kechib, Amerikaga borish arziydimi o‘zi? Fikrlaringizni izohlarda qoldiring.
O‘zbekistonga kelgan xorijlik sayyoh temiryo‘lning sharmandasini chiqardi
Sharmanda! O‘zbekistonga kelgan xorijlik sayyoh “Afrosiyob” tezyurar poyezdining ekonom klassiga 10 dollarga chipta xarid qilib, poyezdga chiqqach, “provodnik”ga yana 15 dollar to‘lab, o‘z joyini VIP'ga almashtirib oldi. Kamiga bu voqea haqida video tasvirga olib, hammasini aytib berdi.
“Men joyimni ekonom klassdan VIP klassga o‘zgartirdim. Bu qanday bo‘ldi? Men shunchaki poyezd kuzatuvchilari (provodnik) oldiga bordim va ko‘proq pul to‘lashdan xursandman, dedim. 15 dollar pul berdim va ko‘rib turganingizdek ovqat, kofe, elektr energiyasi va super qulaylikka ega bo‘ldim. Chiptamni 10 dollarga sotib olgan bo‘lsam, uni VIP klassga almashtirish uchun 15 dollar to‘ladim, xolos”, deydi u.
Vaziyatga O‘zbekistondagi temiryo‘llar faoliyati bilan shug‘ullanuvchi “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ ham jim qarab turgani yo‘q. Uning bildirishicha, ushbu hodisa 2023 yilning 6 iyul kuni yuz bergan. 10 iyulda esa poyezd boshlig‘i lavozimidan ozod etilgan. Vagon kuzatuvchilari styuardlarga bu kabi hodisalar qaytarilmasligi bo‘yicha tegishli yo‘riqnomalar bilan tushuntirish ishlari olib borilgan. O‘ylaymizki, poyezdlarda, umuman, temir yo‘lllarda bundan buyon hamma halol ishlayapti, elektron vositalarda ko‘rilganda yo‘q deyilgan chiptalar tanish-bilishlar yoki chayqovchilar orqali qimmatroq pullanmayapti, ekonom klass biletini olganlar biznes klassda paydo bo‘lib qolmayapti. Xullas, hammasi shaffofligiga shu qadar ishongimiz kelyapti.
Uchtepada fojia. Ikki kishi qurbon bo‘ldi.
Tugayotgan haftaning 11 oktyabr kuni Toshkent shahar Uchtepa tumani "Beshqayrag‘och" ko‘chasida oqova (chiqindi) suvlari uchun mo‘ljallangan chuqurlik qazish vaqtida o‘pirilish sodir bo‘lib, 3 nafar ishchi tuproq ostida qolib ketdi. Ulardan ikki nafari voqea joyida jon berdi. Tirik qolgan 1 nafar xodim esa shifoxonaga yotqizildi.
Shu kunning o‘zida tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlandi. Keyinroq ushbu holat yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 257 (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) va 258-moddalari (Tog‘-kon, qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hozirda, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ayol sobiq eri tomonidan o‘lasi qilib do‘pposlandi
Toshkent viloyatida ayol sobiq eri tomonidan ayovsiz kaltaklandi. Erkak ayolni xonaga qamab, ovozi qo‘shnilarga eshitilmasligi uchun televizor va radioning ovozini balandlatgan holda kaltaklagan. Og‘ir oqibatlarga olib keluvchi zarbalardan xushini yo‘qotgan ayolni dugonasining qo‘ng‘irog‘i qutqarib qolgan.
Keyinchalik erkak kimdir uyga kelib qolishidan cho‘chigan holda ayolni shifoxonaga olib borib, “agar kimgadir churq etsang seni ham otang kabi o‘ldirib yuboraman”, deya qo‘rqitgan. Shundan so‘ng, ayol tibbiy tekshiruvlardan ham yolg‘iz o‘zi o‘tgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ular 2017 yilda oila qurgan va doimiy janjallar tufayli 2019 yilda qonuniy ajrashgan. Ayol bir nafar farzandi bilan uysiz qolgan va huquqshunoslarning maslahati bilan yana sobiq erining uyiga qaytib borgan.
Holat bo‘yicha Zangiota tumani IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi (Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari boshlangan.
Farzandlarini zo‘rlagan o‘zbekistonlik ota umrbodga qamaldi
Shimoliy Qozog‘iston viloyatida o‘z farzandlarini zo‘rlagan O‘zbekiston fuqarosi umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi.
Ma’lum qilinishicha, mast holda voyaga yetmagan qiziga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilish jinoyatini sodir etgan O‘zbekiston fuqarosining sud jarayoni yopiq eshiklar ortida o‘tgan.
Sudlanuvchining aybi jabrlanuvchilar, ularning qonuniy vakili, guvohning ko‘rsatmalari, ekspert xulosalari bilan aniqlangan. Ayblov xulosalariga ko‘ra, erkak ikki nafar farzandi – qizi va o‘g‘liga nisbatan uch yil davomida bir necha marta jinsiy zo‘ravonlik qilgani tasdiqlangan. Biroq sudlanuvchi va uning advokati qo‘yilgan ayblovlarni rad etib, oqlashni so‘ragan.
Sud sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi, ishning holatlari, aybdorning shaxsini hisobga olgan holda, eng og‘ir jazoni tayinlash zarur degan xulosaga kelgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tumanlararo sudi hukmiga ko‘ra, ushbu shaxs umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan.
Taksi haydovchisini kim yoqib yuborgani ma’lum bo‘ldi
O‘tgan hafta Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida taksi haydovchisi o‘ldirilib, mashinasida yoqib yuborilgandi. Tugayotgan haftada esa haydovchini qasddan o‘ldirishda gumonlanayotgan shaxs ushlandi.
U Jinoyat kodeksining 97 va 267-moddalari bilan gumonlanuvchi tariqasida qo‘lga olingan.
Hozirda ushbu qotillikka o‘rtadagi qarz sabab bo‘lgani aniqlangan. Tergov ishlari esa davom ettirilmoqda.
LiveBarchasi