Bolalardan dadasidan qanday hid kelishini so‘ragan bog‘cha opa jazolandi (video)
3-sahifa
−
27 Oktabr 40656 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyatidagi bog‘chalardan birida tarbiyachi bolalardan dadasining hidi qanaqa ekanini so‘ragani aks etgan video tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, ushbu holat Furqat tumanidagi 1-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tayyorlov guruhi tarbiyachisi S.O. tomonidan o‘quv dasturlarida belgilab qo‘yilmagan tartibda og‘zaki so‘rovnoma o‘tkazilgani bilan bog‘liq. Ushbu so‘rovnoma videosi tayyorlov guruhining ota-onalar uchun mo‘ljallangan Telegram-guruhiga yuborilgan.
O‘rganish jarayonida tarbiyachi S.O. bilan suhbat o‘tkazilib, u mazkur so‘rovnomani mustaqil ravishda, oqibatlarini o‘ylab ko‘rmasdan o‘tkazganini va videolavhani ota-onalar guruhiga joylashtirganini afsus bilan ma’lum qilgan.
Shuningdek, o‘rganish davomida tarbiyachi S.O. ning ish faoliyati hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2025 yil 29 avgustdagi 323-sonli “Maktabgacha ta’lim tashkiloti va pedagoglarining ish hujjatlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘i asosida yuritilishi lozim bo‘lgan ish hujjatlari to‘liq tekshirilgan.
Natijada uning ish hujjatlarida ayrim kamchiliklar aniqlanib, o‘quv jarayonlariga mos kelmagan so‘rovnomalar o‘tkazilgani yuzasidan tushuntirish xati olingan. Tarbiyachi S.O. ga qonunlarda belgilangan tartibda “hayfsan” intizomiy jazo chorasini qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanidagi “Shodlik” nomli xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotida 2 nafar tarbiyachi bir bolani yig‘latib, kechirim so‘rashga majburlagan edi. Holat yuzasidan tegishli choralar ko‘rilib, ikki nafar tarbiyachi bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
Live
Barchasi