Bolalar uchun xayriya tashkiloti firibgarlikda gumonlanmoqda
Olam
−
16:39 2106 2 daqiqa
Saratonga chalingan bolalar uchun mablag‘ yig‘ish bilan shug‘ullanuvchi “Chance Letikva” xalqaro tashkiloti firibgarlikda gumonlanmoqda. Tashkilot jami 4 million dollar mablag‘ni o‘zlashtirgan. Bu haqda Buyuk Britaniyaning BBC nashri xabar berdi.
Nashr surishtiruviga ko‘ra, bir nechta oila firibgarlikda ishtirok etgan. Shulardan biri filippinlik 7 yoshli Xalilning onasi Allin Tabasadir. Ona farzandi uchun mablag‘ yig‘ish maqsadida soxta klip suratga olishga rozi bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, s’yomkada Xalilning sochlari olinib, yig‘lashi uchun ko‘zlari ostiga mentol qo‘yilgan va soxta tibbiy uskunaga ulangan.
12 soat davom etgan suratga olish ishlari uchun oila 700 dollar gonorar olgan, lekin Xalil nomiga kampaniyada 27 ming dollar mablag‘ yig‘ilgan. Xalilning oilasiga esa boshqa hech qanday summa ajratilmagan. Allin tashkilotdan yana mablag‘ ajratiladimi yoki yo‘qligini so‘raganda, unga “kompaniya muvaffaqiyatsizlikka uchradi” deb izoh berilgan. Shu jumladan, yana 10 ga yaqin oilalar ham boshqa mablag‘ olmagan.
Qayd etilishicha, firibgarlik tarmog‘ining asosiy tashkilotchisi sifatida Kanadada yashovchi isroillik Erez Hadari ekanligi aniqlangan.
Hadarining yollanma xodimlaridan biri bu jarayon o‘ndan ortiq o‘xshash tashkilotlar orqali amalga oshirilishini aytib o‘tgan. Hadarining nomi “Chance Letikva”dan tashqari “Walls of Hope”, “Saint Teresa” va “Little Angels” kabi boshqa tashkilotlarning hujjatlarida ham mavjudligi aniqlangan.
Erez Hadari yig‘ilgan pullar reklama xarajatlariga ketganini aytgan, lekin bu da’vo xayriya bo‘yicha ekspertlar tomonidan asossiz deb topilgan. Xarajatlar umumiy mablag‘ning 20 foizidan oshmasligi kerakligi ta’kidlangan. Bundan tashqari, Xalil va boshqa bolalar nomidagi xayriya kompaniyalari hali ham internetda faoliyat yuritib, mablag‘ qabul qilishi oshkor qilingan.
Nashr tibbiyot va xayriya kabi yuqori-stakes mavzularda har qanday xayriya aksiyasiga pul o‘tkazishdan oldin uning rasmiy ro‘yxatdan o‘tganligini tekshirishni tavsiya qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Buyuk Britaniyadagi Uorik universiteti olimlari olmos asosidagi yangi datchik yordamida saraton metastazlarini aniqlash usulini ishlab chiqqandi.
Nigora Maxammadiyeva
Live
Barchasi