Bolalar orasida tilanchilik majburiy mehnatmi? So‘z janob Husanovga
Jamiyat
−
25 mart 2021
5117Majburiy mehnat. Yangi O‘zbekistonda eng ko‘p eshitilayotgan yangi so‘z. Bu gaplardan ba’zan quloqlarimiz og‘riyapti. Boisi, ayrim joylarda majburiy mehnat parda ortida hamon davom etmoqda. Kunda ko‘zimiz tushayotgan majburiy mehnatning turlarini esa payqamayapmiz, sezmayapmiz, oldini olmayapmiz. Xo‘sh, biz ularga qachon duch kelyapmiz? Albatta, chorrahalarda! Har birimizning ko‘cha-ko‘yda, chorrahalar, restoran va do‘konlardan chiqishda, masjid ostonasida tilanchilik qilayotgan bolalarga ko‘zimiz tushgan. Surishtiruvlarimiz natijasi shuni ko‘rsatmoqdaki, aksariyat holatlarda tilanchilik qilayotgan bolalar bunga majburlanadi. Otasi, onasi, buvisi yoki ularni boqib olgan vasiylar tomonidan. Xo‘sh, bu majburiy mehnat emasmi? Nega biz jamiyatda katta bir illatga aylanib borayotgan ushbu holatga ko‘z yumyapmiz, uni payqamayapmiz?
Aslida, o‘z farzandini shu kabi ishga majburlayotgan ota-onalarga nisbatan qanday choralar ko‘rilishi kerak? QALAMPIR.UZ ushbu savol bilan Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi yig‘ilishida Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanovga yuzlandi.
Ro‘zimurod Berdiyev, muxbir: — Odamlar gavjum joylarda maktab yoshidagi bolalarning tilanchilik qilayotganiga ko‘zimiz tushyapti. Nima deb o‘ylaysiz, bu ham majburiy mehnatning bir turi emasmi?
Nozim Husanov, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri: — Bu ham albatta, qaysidir ma’noda majburiy mehnatga kiradi. Yoshlarning necha yoshdan ishlashi mumkinligi amaldagi mehnat kodeksida belgilab qo‘yilgan. To‘g‘ri aytdingiz, o‘zimiz ham ko‘chalarda bunday bolalarga ko‘p bor duch kelamiz. Bu esa ochiqchasiga qonun buzish holati hisoblanadi.
R.B.: — O‘z farzandini mana shunday "mehnat"ga jalb qilayotgan ota-onalarga qonun doirasida qanday chora ko‘riladi?
N.M.: — Voyaga yetmaganlarni majburiy mehnatga jalb qilish holatlari kuzatilsa, bunday shaxslarning qilgan ishlari to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Oldingi yillarda esa ushbu holatlarda fuqarolar ma’muriy javobgarlikka tortilar edi. Shuning uchun biz fuqarolarimizni ushbu o‘zgarishlardan boxabar qilib, ularning huquqiy bilimlarini oshirishimiz kerak. Voyaga yetmagan shaxslarning ishlash holatlariga tegishli maxsus cheklov va talablar bor. Ya’ni, belgilangan soatlarda, shuningdek sog‘lig‘iga ta’sir etmaydigan holatlardagina ishlashiga ruxsat beriladi. Siz aytgan vaziyatlarda esa qonun ochiqdan- ochiq buzilyapti.
Ro‘zimurod Berdiyev
LiveBarchasi