Boks: yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining 6-kunida o‘zbekistonlik bokschilar qanday natija qayd etdi?
Sport
−
25 avgust 2021
7012Bugun, 25 avgust kun BAAda o‘takazilayotgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida o‘zbekistonlik 10 nafar charm qo‘lqop ustasi ringga ko‘tarildi va 6 nafari finalga yo‘l oldi. To‘rt nafar bokschi esa bronza medaliga ega chiqdi.
48 kg vazn toifasida ishtirok etgan Muhammadqodir Mamirjonov yarim finalda qozog‘istonlik Sanjar Teshenbayga qarshi ringga chiqib, mag‘lubiyatga uchradi va bronza medaliga ega chiqdi.
51 kg vaznda Ahmadjon Qo‘ziboyev iroqlik Ishoq Jaafarni 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, finalga yo‘l oldi.
67 kg vazn toifasida Samandar Solijonov hindistonlik Daksh Sinx bilan jang qildi. Murosasiz kechgan bahsda Solijonov 4:1 hisobida g‘alaba qozondi.
71 kg vaznda A’lohon Abdullayev qozog‘istonlik Arman Armanuluga imkoniyat qoldirmadi va 5:0 hisobida g‘alaba qozonib, finalga yo‘l oldi.
92 kg vazn toifasida ringga ko‘tarilgan Nusrat Tohirov hindistonlik Abximanyu Lourani 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Superog‘ir vaznda Javohir Zokirov hindistonlik Amin Sinx ustidan 4:1 hisobida zafar quchib, finalga yo‘l oldi.
Qizlar o‘rtasidagi bellashuvlarda 50 kilogramgacha bo‘lgan vaznda Sabina Boboqulova qozog‘istonlik Gulnar Turapbayni 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, final bahsiga yo‘l oldi.
54 kg vazn toifasida Muxlisa Hushvaqtova qozog‘istonlik Aishagul Yeleubayevaga 5:0 hisobida imkoniyatni boy berdi va bronza medalini qo‘lga kiritdi.
60 kg vazn toifasida Ruhshona O‘ktamova hindistonlik Dahiya Preti bilan bellashib, 2:3 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Shu tariqa, O‘ktamova Osiyo chempionatining bronza medali bilan taqdirlanadigan bo‘ldi.
63 kg vaznda Mohira Ahmedova qozog‘istonlik Milana Ayupovaga taslim bo‘ldi va bronza medaliga ega chiqdi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 24 avgust kuni o‘smirlar o‘rtasidagi bellashuvlarda 8 nafar o‘zbekistonlik bokschi final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan edi. Final bahslari ertaga, 26 avgust kuni o‘tkaziladi.