Boks, dzyudo va boshqa sport turlari mutasaddilariga medallarni ikki karra oshirish topshirildi

Sport

image

Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari natijasiga qarab, sport turlari differensial yondashuv asosida 3 ta toifaga ajratiladi. Bu haqda bugun, 13 fevral kuni O‘zbekiston Prezidenti, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida so‘z ochildi.

Boks, dzyudo, taekvondo, erkin kurash, og‘ir atletika yo‘nalishlari ustuvor bo‘lib kelgan. Lekin bu federatsiya rahbarlari xotirjamlikka berilmasdan, medallar sonini 2 karra oshirishni o‘z oldiga maqsad qilishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bilan birga, yunon-rum, ayollar kurashi, kamondan otish, qilichbozlik bo‘yicha bizda sharoit ham, iqtidorli sportchilar ham yetarliligi aytildi.

Kelgusi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida bu sport turlari bo‘yicha natija ko‘rsatish uchun hozirdanoq xorijiy mutaxassislarni jalb qilib, sportchilarni jismoniy va ruhiy tayyorgarligi bilan astoydil shug‘ullanish topshirildi.

Istiqbolli bo‘lgan yengil atletika, velosport, eshkak eshish, suzish, o‘q otish kabi 22 ta sport turi bo‘yicha litsenziyalarni 3-4 karra ko‘paytirish va medallar uchun kurashga qattiq kirishish lozim.

Bundan tashqari, sinxron suzish, triatlon, voleybol, basketbol, gandbol, badminton kabi rivojlanayotgan 17 ta sport turida litsenziyalarni qo‘lga kiritish juda muhimligi ta’kidlandi.

Ushbu federatsiya rahbarlari mahallagacha tushib, yosh iqtidorlarni aniqlashi, bittadan sport maktabini tanlab, baza qilishi, infratuzilmasini yaxshilashi va malakali murabbiylar bilan ta’minlashi zarurligi qayd etildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda Olimpiya qo‘mitasining hududiy bo‘limlari tashkil etilishi xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Paralimpiya Olimpiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing