Bog‘chada tarbiyachi va uslubchi 2 yoshli bolani qiynab, o‘ldirib qo‘ydi

3-sahifa

image

Toshkent shahrida joylashgan “Jajji nihollar” nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyachisi 28 yoshli A.L. va 68 yoshli uslubchisi G‘.V. 2 yoshli bolani 3 kun davomida qiynab, uning o‘limiga sababchi bo‘ldi. 2 xodimga ham sud hukmi o‘qildi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.

Hujjatga ko‘ra, A.L. va G‘.V. o‘tgan yilning 9-11 dekabr kunlari oralig‘ida 2022 yilda tug‘ilgan Z.A. ni ovqatlanish va uxlashni xohlamagani uchun qiynab, tanasining turli qismlaridan urgan, kiyimlaridan tortib sudragan hamda yotgan holida tepgan, bir necha bor uloqtirib yuborgan.

Joriy yilning 4 iyul kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudida mazkur ish ko‘rib chiqilgan. Unda sudlanuvchilar A.L. va G‘.V. ko‘rsatma bergan. Unga ko‘ra, 2024 yilning 11 dekabr kuni A.L. doimgiday soat 8:00 larda ishga borib, o‘ziga biriktirilgan guruhga kelgan bolalarni ota-onasidan sog‘-salomat qabul qilib olgan. Ularga ertalabki nonushtasini berib, so‘ng mashg‘ulot o‘tkazgan. Tushlik vaqtida bolalarga ovqat bergan. Shundan so‘ng ularning uxlashi uchun krovatiga yotqizgan. O‘sha paytda Z.A. krovatga yotmasdan narigi xona eshigi oldida yig‘lab turgan. Bundan jahli chiqqan tarbiyachi uni oyog‘i bilan 3 marta tepgan. Birinchi marta tepganda Z.A. tanasi bilan devorga urilgan, so‘ng uni ko‘tarib kelib, krovatga uloqtirib yuborgan. O‘sha paytda uslubchi G‘.V. kirib kelgan. U yig‘lab yotgan Z.A.ni qo‘li bilan turtib ko‘rgan. Keyin esa ko‘tarib krovatiga otib yuborgan va “uxlamasang o‘ldiraman”, deb tahdid qilib, xonadan chiqib ketgan.

Oradan 2-3 daqiqa vaqt o‘tib, tarbiyachi bolaning o‘rnidan turib olganini ko‘rgan va uning oldiga borib, yuziga shapaloq tushirgan. Taxminan 10-15 daqiqadan so‘ng Z.A. yana yotgan joyidan boshini ko‘targan. Tarbiyachi unga yana uxlashini aytib, yuziga 2 marta urgan. U oradan yana 10-15 daqiqa o‘tib, bolaning baribir uxlamaganini ko‘rgan va “bo‘g‘ib qo‘yaman hozir”, deb uni yana otib yuborgan. Bola bu orada uxlamay yig‘layvergan. Tarbiyachi esa uning ovozini o‘chirish maqsadida og‘ziga choyshab tiqqan va bir necha marta og‘zini qo‘li bilan yopib, bo‘g‘ib, yuziga urgan.

Shunda ham bola tinchlanavermagach, tarbiyachi uni zarb bilan polga otib yuborgan. Bola esa ko‘zi ochiq holatda harakatsiz bo‘lib qolgan. A.L. uni hojatxonaga olib kirib, yuzini yuvgan, keyin esa joyiga yotqizib qo‘ygan. Bolaning harakatsiz yotganidan qo‘rqib ketgan tarbiyachi boshqa xodimalarni chaqirgan. Bolaga birinchi yordam ko‘rsatishga harakat qilingan, ammo u o‘ziga kelmagan. Shundan so‘ng tez tibbiy yordam xodimlari yetib kelib, uni shifoxonaga olib ketgan. Z.A. ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan 2024 yil 14 dekabr kuni shifoxonada vafot etgan. Sudda ikkala sudlanuvchi ham aybiga to‘liq iqror bo‘lgan.

Shu tariqa, sud hukmi bilan A.L. Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandida (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lishi) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda 6,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

G‘.V.ga esa Jinoyat kodeksining 110-moddasi (Qiynash) 2-qismi “a,v” bandlari bilan 3 yil ozodlikni cheklash jazosi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi bog‘chada qarovsiz qolgan 5 yoshli bola 2-qavatdan tushib ketgan edi. Shifokorlarning birlamchi tashxisiga ko‘ra, tarbiyalanuvchi R.I.ga ikki qo‘l bilak sohasi sinishi, burun suyak sohasi sinishi, yuqori jag‘ kurak tishlarining aliyonlari osig‘ining sinishi tashxisi qo‘yilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Bog'cha tarbiyachi uslubchi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing