Bog‘cha xodimlari uchun 20 foizlik qo‘shimcha ustama joriy etiladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda “Yangi avlod” innovatsion bog‘chalar tarmog‘i tashkil etiladi. Ushbu maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritadigan xodimlarning ish haqiga har oylik qo‘shimcha ustamalar to‘lanadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 5 fevral kuni qabul qilingan “Maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 19-sonli farmonda so‘z boradi. 

Unga ko‘ra, endilikda bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarining ta’lim dasturi majburiy umumiy o‘rta ta’limning dastlabki bosqichi sifatida kiritilmoqda.

Farmonga ko‘ra, ushbu guruhlar maktabgacha ta’lim tashkilotlari, maktablar va boshqa ijtimoiy ob’ektlarda tashkil etilishi mumkin. 

2027-2028 o‘quv yilidan boshlab, maktabga tayyorlovdan o‘tgan bolalarga davlat namunasidagi elektron sertifikat beriladi.

Mazkur sertifikat haqidagi ma’lumotlar o‘quvchining umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnomasida ham qayd etiladi.

Qolaversa, O‘zbekistonda maktabgacha ta’limni yangi sifat bosqichiga olib chiquvchi “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘i faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Yangi tizimning o‘ziga xosliklari:

  • 2026-2028 yillarda Qoraqalpog‘iston, viloyat markazlari va Toshkent shahrida bittadan shunday tashkilot quriladi;
  • Ushbu bog‘chalar tarkibida Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazlari tashkil etilib, unda robototexnika, ijod, fan va matematika yo‘nalishlarida tematik o‘yingohlar bo‘ladi;
  • Innovatsion markazlarda simulyatsion vaziyatlar orqali bolalarda kichik yoshdan kasblarga qiziqish va ekologik madaniyat shakllantiriladi.

Shu bilan birga, “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritadigan xodimlarning ish haqiga har oylik qo‘shimcha ustamalar to‘lanadi.

Belgilangan imtiyozlar:

  • Rahbar va pedagog xodimlar, jismoniy tarbiya yo‘riqchilari, musiqa rahbarlari, psixolog va tarbiyachi yordamchilarining tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz miqdorida Davlat byudjetidan ustama beriladi;
  • Ushbu lavozimlarga xodimlar yuqori salohiyatli va oliy ma’lumotli nomzodlar orasidan tanlov asosida qabul qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, 2026 yildan akademik litseylar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda umumta’lim va ixtisoslashtirilgan maktablar qurilishi, rekonstruksiyasi va kapital ta’miri uchun xarajatlar Respublika darajasidan mahalliy byudjetlar ixtiyoriga o‘tkazilishi haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing