Bog‘cha xodimlari ta’til kunlarida ham ishlaydi

Jamiyat

image

Maktabgacha ta’lim tashkilotlarining barcha xodimlari ta’til kunlarida ham ishda bo‘lishi kerakligi ma’lum qilindi. Bu haqda Maktabgacha ta’lim agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, hokimlik ishlashiga ruxsat bermagan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ham barcha xodimlar ish faoliyatini doimgidek davom ettiradi. Berilgan qo‘shimcha ta’til davrida maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlari o‘z o‘rnida bo‘ladi. 

Agentlikka ko‘ra, tizim bo‘yicha e’lon qilingan qo‘shimcha ta’til kunlari faqatgina tarbiyalanuvchilarga tegishli.

Tashkilotning pedagog kadrlari, ta’til kunlaridan unumli foydalangan holda, o‘zining yo‘nalishi bo‘yicha qo‘llanmalar, o‘qitishning yangi uslublari, yangi didaktik, harakatli o‘yinlar ustida ishlashi lozim bo‘ladi. Shuningdek, boshqa xodimlar ham o‘z ish o‘rinlarida bo‘lishi kerakligi (oshpazlar bundan mustasno) ma’lum qilindi.

“Xabaringiz bor, qo‘shimcha ta’til kunlarida sharoitiga, isitish tizimiga qarab maktabgacha ta’lim tashkilotlarining faoliyat yuritishiga ruxsat berish hududiy hokimlar zimmasiga yuklatilgan. Bunda hokimlik o‘sha tizimda kuzatiladigan kamchiliklarga ham javobgar hisoblanadi. Shuning uchun ham ularning nazoratidan yaxshi o‘tgan bog‘chalargina ish faoliyatini yuritishi mumkin”, deyiladi xabarda.

Qiziq tarafi shundaki, bolalar bo‘lmagan bog‘chada xodimlar kim bilan harakatli o‘yinlar ustida ishlaydi, chunki bu amaliy mashg‘ulotga kiradi. Shuningdek, bog‘chada xodimlar o‘z ustida ishlashi uchun kun bo‘yi emas, 3-4 soat ketkazsa ham yetadi. Bundan tashqari, xodimlarni ish vaqtida boshqa bir majburiy mehnatlarga (masalan, hozirgi vaqtda qor kurash kabi) jalb qilinmasligiga kim kafolat bera oladi?

Shu savollarga javob olish uchun QALAMPIR.UZ Maktabgacha ta’lim agentligi Axborot xizmati rahbari Mavluda Asqarxo‘jayeva bilan bog‘landi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xodimlarni ta’til vaqtida necha soat ishlashi kerakligi haqida hokimlik tomonidan vazirlikka ma’lumot berilmagan. Faqatgina xodimlarni ishga chaqirishda ularning sog‘ligi inobatga olinadi. 

Asqarxo‘jayevaga ko‘ra, ishchilar bog‘chani tozalash va qor kurashga jalb etiladimi yo‘qmi – bu unga noma’lum. Biroq u qor kurash kabi ishlar majburiy mehnatga kirmasligi, aksincha jamoaviy ish bo‘lib, xodimlar o‘rtasida birdamlikka olib kelishini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 10–18 yanvar kunlari sovuq ob-havo munosabati bilan navbatdan tashqari ta’til e’lon qilingandi.

Bundan tashqari, e’lon qilingan ta’til kunlarida maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari uchun haq to‘lanmasligi ma’lum qilingandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing