BMT “Tolibon”ni zo‘ravonlik siyosatini to‘xtatishga chaqirdi
Olam
−
16 iyun 2022
5557Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Mishel Bachelet Afg‘oniston muvaqqat hukumatini ayollarga muntazam tazyiq o‘tkazish siyosatini to‘xtatishga chaqirdi. Bu haqda u kecha, 15 iyun kuni BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi yig‘ilishida so‘z ochgan.
“Afg‘oniston xalqi hozirda eng qorong‘u damlardan birini boshdan kechirmoqda. Ko‘p yillik mojarolar va o‘tgan avgust oyida “Tolibon” tomonidan bosib olinganidan so‘ng, mamlakat chuqur iqtisodiy, ijtimoiy, gumanitar va inson huquqlari inqiroziga duch keldi”, deydi Bachelet.
Shuningdek, u ayollarning faqat zarurat bo‘lgan holdagina yuzlarini yopib tashqariga chiqishlari mumkinligi, aks holda ularning erkak qarindoshlari jazoga tortilishi belgilangan qarorni qoralagan.
“Tolibon” avvalroq afg‘on o‘rta maktabida o‘qiyotgan qizlarni maktablarga qaytarishni kechiktirishga qaror qilgan edi. Bu, Bacheletning aytishicha, 1,1 million qizning huquqlariga ta’sir qilgan.
“Keling, buni holis baholaylik: bugun biz Afg‘onistonda ayollarga nisbatan institutsional, tizimli ravishda zulm qilinayotganini ko‘ryapmiz”, deydi Oliy komissar.
Bundan tashqari, Bachelet joriy yilning mart oyida Afg‘onistonga borib, amaldagi hokimiyat vakillari, shuningdek gender tengligiga erishish uchun harakat qilayotgan jasur va faol afg‘on ayollari, jumladan, shifokorlar, jurnalistlar, nodavlat notijorat tashkilotlari a’zolari bilan uchrashganini eslagan.
“O‘z haq-huquqlarini himoya qilayotgan bu ayollarning jasorati meni hayratda qoldirdi”, deydi u.
Ekspertga ko‘ra, Afg‘onistonda ayollar va huquq faollari o‘ldirilmoqda, qamoqqa olinmoqda, matbuot erkinligi cheklanmoqda.
Aksariyat afg‘onlar tibbiy xizmatdan yetarlicha foydalanish imkoniyatiga ega emas. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, qariyb 18,1 million kishi tibbiy yordamga muhtoj, shundan 3 milliondan ortig‘i besh yoshgacha bo‘lgan bolalar.
LiveBarchasi