BMT “Tolibon” harakatini jiddiy ogohlantirdi

Olam

image

“Tolibon” harakti muzokaralar jarayonida muvaffaqiyatga erishmagan taqdirda xalqaro izolyatsiyaga uchraydi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) Afg‘onistondagi ko‘mak missiyasi (UNAMA) rahbari Debora Layons ma’lum qildi

“Agar muzokaralarda hech qanday oldinga siljish bo‘lmasa va aksincha, “Tolibon” nazorati ostida bo‘lgan hududlarda inson huquqlari buzilishi va undan ham yomoni vahshiyliklar sodir bo‘lsa, toliblar xalqaro hamjamiyatning to‘laqonli sherigi sifatida ko‘rilmaydi”, deydi u.

Layonsning so‘zlariga ko‘ra, “Tolibon” Doha muzokaralari orqali qonuniylikni qo‘lga kiritgan, ammo bu qonuniylik “Afg‘oniston hukumati bilan o‘tkazilgan siyosiy muzokaralarga asoslangan”.

Bundan tashqari, BMT vakili “hech bir yirik donor ayollarga qarshi repressiyalar, ozchilikni tashkil etgan aholi vakillarini kamsitish, ayollarning ta’lim olishiga taqiqlarni yoki avtoritar hukumat qarorlarini moliyalashtirmaydi”, deya qo‘shimcha qilgan.

O‘z navbatida, Rossiya “Tolibon” Afg‘onistonni to‘liq egallab olishiga tayyor ekanini ta’kidlamoqda.

Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik

Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, ItaliyaAvstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

180

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing