BMT Rossiya va Eron ustidan tekshiruvni davom ettirayotgani aytildi
Olam
−
20 dekabr 2022
1874Birlashgan Millatlar Tashkiloti Kotibiyati Eronning Ukrainada foydalanish uchun Rossiyaga uchuvchisiz samolyotlar yetkazib bergani haqidagi da’volarni tekshirishni davom ettirmoqda, natijalar o‘z vaqtida e’lon qilinadi. Bu haqda kecha, 19 dekabr kuni BMT Xavfsizlik Kengashining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Rozmari A. Dikarlo BMT Xavfsizlik Kengashining Eron yadroviy dasturi bo‘yicha Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasini belgilovchi 2231-rezolyutsiyasining o‘tayotgan yilda bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotni taqdim etayotib aytib o‘tdi.
“Hisobot davrida biz Ukraina, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya va AQSHdan rezolyutsiyaning B ilovasining 4-bandini buzgan holda Eron tomonidan Rossiyaga uchuvchisiz uchish apparatlarini topshirgani bo‘yicha xatlar oldik. Ushbu maktublarda tegishli davlatlar tekshiruv yuborishni so‘ragan. Eronning doimiy vakili Ukrainadagi mojaroda foydalanish uchun uchuvchisiz samolyotlar yetkazib berilishini rad etdi. Rossiya ham bu talablardan jiddiy xavotir bildirdi”, deydi u.
Qayd etilishicha, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish mavjud ma’lumotlarni ko‘rib chiqmoqda va Xavfsizlik Kengashiga hisobot beradi.
Shu tariqa, BMT Ukraina va uning G‘arb ittifoqchilari tashkilotdan talab qilgan dronlarning kelib chiqishi haqidagi savolga hozircha javob berishdan qochmoqda.
2231-sonli rezolyutsiya Bosh kotibni BMT Xavfsizlik Kengashiga uning bajarilishi haqida muntazam ravishda hisobot berib turish majburiyatini yuklaydi. AQSH va bir qator G‘arb davlatlari Bosh kotibning sanksiyalar buzilishini tekshirish vakolatiga ega ekanligini bildirmoqda. Rossiya rezolyutsiyada bunday vakolatlarning avtomatik tarzda berilishi ko‘zda tutilmaganini va har qanday tergov bo‘yicha qarorni faqat BMT Xavfsizlik Kengashi berishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya avvalroq, agar Ukrainada Eron uchuvchisiz uchoqlaridan foydalanilgani bo‘yicha tergov boshlashga qaror qilinsa, Rossiya BMT kotibiyati bilan munosabatlarini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘lishini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 19 dekabr kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya yangi partiyadagi Eron dronlari bilan Ukrainaga hujum qilayotganini aytdi. Unga ko‘ra, Rossiya Qurolli kuchlari Erondan 250 dona “Shahed-136” kamikadze-dronlarini olgan.
LiveBarchasi