BMT Rossiya donini eksport qilish bo‘yicha cheklovlarni olib tashlashga va’da berdi

Olam

image

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Rossiya Federatsiyasiga yaqin kelajakda don bitimiga muvofiq Rossiya oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha cheklovlarni olib tashlashga va’da berdi. Bu haqda Rossiyaning BMTdagi doimiy vakilining birinchi o‘rinbosari Dmitriy Polyanskiy “Izvestiya” nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Birlashgan Millatlar Tashkiloti bizga natija kelishini va’da qilmoqda. Qaror qabul qilish chog‘ida biz kelishuvning Rossiya tomonidagi qismini amalga oshirish samaradorligini va BMTning tegishli sa’y-harakatlari samaradorligini baholaymiz”, deydi u.

Polyanskiyning so‘zlariga ko‘ra, BMTda 18 noyabrgacha o‘z majburiyatlarini bajarish uchun vaqt bor. Bu sana amaldagi kelishuv uchun mantiqiy muddat sifatida belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, 2 noyabr kuni Rossiya don bitimida ishtirok etishga qaytgan edi. Joriy yilning 29 oktyabr kuni Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainadan oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilishga mo‘ljallangan kelishuvdagi faoliyatini to‘xtatishini ma’lum qilgan edi. Rasmiy Moskva bunga anneksiya qilingan Sevastopoldagi Qora dengiz harbiy flotiga uyushtirilgan hujumni sabab sifatida keltirib, hujum “don yo‘lagi”dan foydalangan holda uyushtirilganini  ta’kidlagan.

Ma’lumot uchun, 22 iyul kuni Istanbulda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ishtirokida Ukraina portlaridan g‘allani xavfsiz tashish bo‘yicha kelishuv imzolangandi. Aytish joizki, mazkur hujjatni Rossiya, BMT va Turkiya vakillari Ukraina rasmiylari bilan birgalikda imzolagan. Chunki don shartnomasi Ukrainaning Odessa, Yujniy va Chernomorsk portlarini o‘z ichiga oladi.

Shartnoma muddati 19 noyabrda tugashi sabab BMT va Turkiya avvalroq kelishuvni uzaytirishga chaqirgan edi.

Biroq, oktyabr oyida Qrim ko‘prigidagi portlash ortidan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin portlovchi uskuna don yo‘lagi orqali Qrimga olib kelingani tasdiqlansa, don kelishuvi to‘xtatib qo‘yilishi mumkinligini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

63

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing