BMT muhtojlarga yordam berish uchun rekord darajada pul ajratishga chaqirmoqda

Olam

image

Dunyoning 70 ga yaqin mamlakatidagi 230 million eng zaif odamlarga yordam berish uchun kelasi yili rekord darajadagi 51,5 milliard dollar yig‘ilishi kerak. Bu haqda kecha, 1 dekabr kuni BMT Bosh kotibining gumanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari va favqulodda vaziyatlarda yordam ko‘rsatish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi Martin Griffits ma’lum qildi. 

Mablag‘larning rejalashtirilgan darajasi – bu yilgidan 25 foizga yuqori – BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, dunyoda muhtoj odamlarning umumiy soni 65 million kishiga ko‘payishini aks ettiradi. 

Jenevada Global Humanitarian Review hisoboti taqdimotida so‘zlagan Griffits bu mablag‘larni ijtimoiy-iqtisodiy tubsizlik bo‘yida qolgan odamlar uchun "hayot chizig‘i" deb atadi. 

“Ehtiyojlar keskin oshib bormoqda, chunki biz Ukrainadagi urush, koronavirus pandemiyasi, iqlim o‘zgarishi bilan shug‘ullanmoqdamiz. Men 2023 yilda mavjud salbiy tendensiyalar faqat yomonlashishidan qo‘rqaman. Shu bilan birga, kelgusi yil hamjihatlik yili bo‘lishiga umid qilamiz”, deydi BMT rahbari o‘rinbosari. 

Griffitsning eslashicha, butun dunyo bo‘ylab, Pokistondan Afrika shoxigacha (Somali, Efiopiya, Eritreya va Jibuti) bo‘lgan ko‘plab odamlar halokatli qurg‘oqchilik va suv toshqinlaridan aziyat chekdi. 

“Ukrainadagi urush Yevropaning bir qismini jang maydoniga aylantirdi. Dunyo bo‘ylab 100 milliondan ortiq odam o‘z uyini tashlab ketishga majbur bo‘ldi. Va bularning barchasi pandemiyaning halokatli oqibatlari fonida”, deya qo‘shimcha qildi u. 

Unga ko‘ra, 53 mamlakatda kamida 222 million kishi joriy yil oxirigacha oziq-ovqat bilan bog‘liq jiddiy muammolarga duch keladi. Kelgusi yilda 37 mamlakatda 45 million odam ochlikdan o‘lish xavfi ostida. 

Shu bilan birga, Griffits donorlardan so‘ralgan summani to‘liq olish juda qiyin bo‘lishini tan oldi. Bu yil BMTning Global gumanitar murojaati atigi 47 foiz moliyalashtirildi. 

“O‘tgan yillarda moliyalashtirish darajasi 60-65 foizga yetgan bo‘lsa, bu aniq muvaffaqiyatsizlik”, deydi BMT rahbari o‘rinbosari.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

20

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made