BMT qo‘rqoqmi? Nega u urushlarni to‘xtata olmayapti?
Jamiyat
−
17:25
1342So‘nggi paytlarda Birlashgan Millatlar Tashkiloti nomiga ko‘plab tanqidlar yog‘ilmoqda. Hukumat rahbarlari mazkur tashkilotni qo‘rqoqlikda, ikkiyuzlamachilikda va qat’iyatsizlikda ayblamoqdalar. Masalan, yaqinda Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan arab-islom sammitida ham Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an kabilar tashkilotni yetarli darajada ishlamayotganini aytib, uni jasoratga chaqirgandi. Xo‘sh, BMT haqiqatdan ham qo‘rqoqmi? Nega u tanqidlarga jim qarab turibdi? QALAMPIR.UZ bu savolga javobni BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Maxl Xonimdan so‘radi. Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori. U mazkur lavozimda joriy yilning 1 iyunidan ish boshlagan. Tayinlovga qadar u 2019 yildan beri BMTning Gruziyadagi doimiy vakili edi. Jumladan, 22 yildan ortiq vaqt davomida xalqaro tashkilotlarda, Indoneziya, Falastin va Qirg‘izistonda BMT Ayollar vakolatxonasi rahbari, Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchi vazifasida ishlagan. 5 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan uchrashgan.
“Birlashgan Millatlar Tashkiloti hukumatlararo tashkilot bo‘lib, 193 davlatdan iborat. Bu global tizim, mening nazarimda, xalqaro me’yorlar va standartlarni belgilashda bu tashkilotning ahamiyati juda katta. Shuningdek, bu Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi asosida ishlaydi, to‘g‘rimi? 1945 yilda imzolangan BMT Nizomi bu global jamiyat sifatida o‘zaro hamkorlik qilishimiz kerakligini anglatadi. Tanqidlar doimo bo‘ladi, lekin menimcha, xalqaro me’yorlar va davlatlar qanday hamkorlik qilishi kerakligini eslatib turish muhim. Bugun biz giyohvand moddalar va uyushgan jinoyatchilik haqida gapiryapmiz. Hech bir davlat bu muammoni yolg‘iz o‘zi hal qilolmaydi. Bizningcha, bir-biriga qattiq bog‘lanib qolgan davlatlarning o‘zaro munosabatda bo‘lishi uchun qoidalar kerak. Shuning uchun men BMT hamma uchun muhim tashkilot deb bilaman”.
Ammo bugungacha BMT dunyodagi shafqatsiz urushlarni, masalan, Rossiya – Ukraina, Isroil – Falastin o‘rtasidagi mojarolarni va ba’zan Eronning hujumlarini to‘xtata olmayapti. Bu bo‘yicha esa odatda dunyo davlatlari rahbarlari ochiqchasiga e’tiroz bildiradi. Xo‘sh, o‘zi umuman BMT urushlarni to‘xtata oladimi? Agar ha bo‘lsa, qanday qilib?
“To‘g‘ri aytasiz, bu ko‘p so‘raladigan masalalardan biridir. Biz butun dunyo davlatlaridan tashkil topganmiz va bu masalalar BMTga a’zolar tomonidan amalga oshiriladi. Urushlarni to‘xtatishni davlatlar hal qiladi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti esa xalqaro xulq-atvorimizni, xalqaro standartlarimizni eslatishda yordam beradi, to‘g‘rimi? Boshqa davlatlarga bostirib kirmaslik, davlatlarning suverenitetini hurmat qilish kabi qoidalar mavjud, inson huquqlari mavjud, bizning Nizom inson huquqlarining to‘liq ro‘yxatini o‘z ichiga oladi. Bizning Bosh kotibimiz ham doimiy ravishda buni talab qilib keladi. U Nizomning barcha prinsiplari hurmat qilinishi kerakligini ko‘p ta’kidlaydi. Bu tashkilotning tashkil etilishiga asos bo‘lgan narsa. Shunday qilib, tashkilot davlatlardan tashqarida emas, balki davlatlar tomonidan tashkil etilgandir”, dedi u.
Shu paytga qadar Rossiya-Ukraina urushida qaysi tomonda ekanini aniq aytmay, faqat tinchlik tarafdori ekaninigina ochiqlay olgan O‘zbekiston bir necha muhim, yirik davralarda Isroil-Falastin urushi haqida to‘xtalib, Falastin manfaatlarini ochiqcha himoya qilib keladi. Xo‘sh, BMT bugungi urushlar davrida O‘zbekistonning pozitsiyasi haqida nima deydi? BMTning O‘zbekistondagi vakili mamlakatning bunday ikki xil standartdagi siyosati haqida to‘xtalmadi, biroq davlatning urushlar davridagi siyosati haqida ijobiy fikrlar bildirdi.
“Menimcha, bu yerda O‘zbekistonda va umuman Markaziy Osiyo haqida yaxshi fikrlar bor. Chunki bugungi kunda ularning boshqa davlatlar bilan ko‘proq hamkorligi mavjud. Menimcha, Prezident Mirziyoyev barcha qo‘shnilarga qo‘l uzatgan va ko‘proq turli sohalarda hamkorlik amalga oshirilmoqda. Siz aytgandek, dunyoning boshqa joylarida, afsuski, ko‘plab urushlar, murakkab vaziyatlar bor. Shuning uchun, menimcha, bugun Markaziy Osiyoda yaxshi holat mavjud, chunki u yerda chindan ham do‘stlik muhiti hukmron”, dedi Sabine Maxl.
LiveBarchasi