BMT Bosh kotibi insoniyatni o‘zini o‘zi o‘ldirmaslikka chaqirdi
Olam
−
03 dekabr 2020
2878Yer sayyorasi xavf ostida, chunki insoniyat tabiatga qarshi urush olib bormoqda. Bu haqda Kolumbiya universiteti tomonidan tashkil etilgan "Sayyora holati" onlayn-konferensiyasida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish so‘z ochdi.
“Atrof-muhitga bunday mas’uliyatsiz munosabat o‘z joniga qasd qilish bilan barobardir. Tabiat bu munosabatlarga, juda katta kuch va g‘azab bilan, albatta, javob qaytaradi", dedi u.
Bosh kotibning so‘zlariga ko‘ra, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash XXI asrda insoniyat uchun ustuvor vazifalardan biriga aylanishi kerak.
Antoniu Guterrish o‘z nutqida sayyorada sodir bo‘layotgan voqealarning pessimistik manzarasini bayon qildi.
“Biologik xilma-xillik yo‘q qilinmoqda, tirik mavjudotlarning millionga yaqin turlari xavf ostida qolmoqda, butun ekotizim ko‘z oldimizda qulamoqda, har yili o‘n million gektargacha o‘rmon yo‘q bo‘lib bormoqda. Jahondagi okeanlarning suvi kamayib, ular plastik chiqindilar bilan to‘lmoqda. Marjon riflari rangsizlanib, yo‘q bo‘lib bormoqda. Har yili havo va suv ifloslanishidan to‘qqiz milliongacha odam vafot etadi, bu koronavirus pandemiyasining hozirgi zararlaridan olti baravar ko‘pdir”, dedi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish.
Uning ta’kidlashicha, COVID-19 pandemiyasi Yer atmosferasining ifloslanishini vaqtincha kamaytirdi, ammo karbonat angidrid darajasi eng yuqori holatda saqlanib qolmoqda va bu o‘sishda davom etmoqda. Global iqlim tashabbuslari hali aniq natijalar bermagan. Issiqxona gazlari xalqaro iqlim bo‘yicha muzokaralar boshlangan 1990 yilga nisbatan hozirga kelib 62 foizga ko‘paygan.
BMT Bosh kotibining so‘zlariga ko‘ra, iqlim inqiroziga qarshi kurashda insoniyat uchta majburiyat bilan yuzlashadi.
Birinchidan, yaqin o‘ttiz yil ichida xalqaro hamjamiyat global uglerod neytralligini saqlab qolishi kerak, ya’ni atmosferaga chiqadigan zararli chiqindilar ko‘rsatkichi nolga tushishi lozim. Dunyo miqyosida global iqtisodiyotning 70 foizidan ko‘prog‘iga ega bo‘lgan mamlakatlar kelgusi yil boshiga qadar uglerod neytralligi bo‘yicha katta majburiyatlarni qabul qilishlari kutilmoqda.
Ikkinchidan, xalqaro hamjamiyatdagi hukumatlar o‘zlarining moliyaviy siyosatini iqlim bo‘yicha global harakatlar rejasi – Parij kelishuvi bilan muvofiqlashtirishi kerak.
Uchinchidan, BMT Bosh kotibining so‘zlariga ko‘ra, insoniyat eng zaif mintaqalarni va ularda yashaydigan xalqlarni xavfli iqlim ta’siridan himoya qilish uchun tez o‘zgaruvchan iqlimga moslashishi kerak.