Yulduz Usmonova ishi bo‘yicha sud o‘tkazilmadi. Xonanda o‘z uyida qolmoqda
Madaniyat-san’at
−
05 may 2020
56275Bugun, 5 may soat 14:00 da Ma’muriy ishlar bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning Ichki ishlar xodimlarini haqorat qilgani bo‘yicha ochilgan ish ko‘rib chiqilishi kerak edi. Ammo sud majlisi o‘tkazilmadi.
Bunga rasmiylar jo‘yali izoh bergani ham yo‘q. Sud majlisida ishtirok etish uchun Ma’muriy ishlar bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudiga borgan va hamon o‘sha yerda bo‘lib turgan muxbirimizning xabar berishicha, ayblanuvchi Yulduz Usmonova, hatto, kelmagan ham. Uning o‘rniga uyidan turib, Instagram orqali jonli muloqot uyushtirgan. Xonanda jonli muloqot vaqtida shunday degan:
“Sirdaryoga borolmadim. Xayriyalarni administratorlarim orqali jo‘natdim. Hozir uyimdaman. Sudgacha bo‘lgan surishtiruv ishlari ketyapti. Unda borib qatnashib keldim. 10 kun uydan chiqa olmayman. Shuning uchun Sirdaryoga ham borolmadim".
Ichki ishlar vazirligi mas’ullarining sud bugun soat 14:00 boshlanadi degan gapiga ishonib, sud binosi oldiga borgan jurnalistlar esa 4-5 soat davomida tashqarida kutishiga to‘g‘ri kelgan. Oradan 5 soatga yaqin vaqt o‘tgach, IIV mas’ullari jurnalistlardan ketishlarini iltimos qilgan.
Ma’lumot uchun, kecha, 4 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda Yulduz Usmonova Ichki ishlar xodimlarini keskin tanqid qilgani va haqoratlagani aks etgan video tarqaldi.
Ichki ishlar vazirligi holat bo‘yicha surishtiruv ishlari boshlanganini ma’lum qildi. Vazirlik Matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov esa QALAMPIR.UZ bilan suhbatda madaniyat sohasi vakilining bu harakati judayam nomaqbul ekanini aytib, videoni bir ko‘rishda Usmonovaning ruhiy salomatligiga shubha qilganini ta’kidladi.
Hozirgacha Madaniyat vazirligi va “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi ham videoga munosabat bildirdi. Ulardan biri xonandaga tanbeh berib cheklangan bo‘lsa, ikkinchisi Usmonovaning axloqi masalasi jamoatchilik kengashida ko‘rib chiqilishini ta’kidladi.
LiveBarchasi