Blogerlarni yig‘loqiga chiqargan Ucell bosh direktori muammoli postiga izoh berdi

Jamiyat

Bir necha kun avval Ucell kompaniyasi bosh direktori Vladimir Kravchenkoning Facebook sahifasida e’lon qilgan posti ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi. Kompaniya direktori o‘z postida blogerlarni yig‘loqi va tanqidchi deb, mamlakatda faqatgina amaldorlar ishlayapti degandi.

Uning bu fikrlari odamlar orasida bahsga sabab bo‘lishi ortidan Vladimir Kravchenko Facebook sahifasida e’lon qilgan posti yuzasidan murojaat bilan chiqdi.

“Assalomu alaykum, hurmatli va aziz do‘stlar.

Ucell kompaniyasining rahbari etib tayinlanganimdan so‘ng meni hammasidanam ko‘p ta’sirlantirgan narsa – bu har kuni millionlab insonlarga xizmat ko‘rsatish va ular uchun ishlash bo‘ldi. Bu ulkan mas’uliyat odamga kuch beradi, ammo o‘z o‘rnida ma’naviy charchatib ham qo‘yadi. Ayniqsa hozirgi pandemiya, karantin davrida bu mas’uliyat ham, ish ham karrasiga oshib ketdi”, deydi Kravchenko murojaati avvalida.

Shundan so‘ng, u to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijtimoiy tarmoqdagi postiga to‘xtalgan. Kompaniya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, odamlar va blogerlar uning postini noto‘g‘ri tushungan.

“Shu kunlarda Facebook`dagi o‘zimning shaxsiy sahifamda bir post e’lon qilgan edim. Uning skrinshotlari turli bloglarda tarqaldi. Men o‘z so‘zlarimdan tonmayman, ammo shuni aytmoqchimanki, o‘sha postni bir qator blogerlar va boshqa hamyurtlarimiz sal boshqacharoq tushunishibdi.

Balkim, bu mening aybimdir, ochig‘i, gapga unchalik usta emasman. Menga ishlash yoqadi va atrofimdagilarni ham doimo shunga undayman. Jamoamiz bilan qilgan mehnatimizning natijalari ham namoyon bo‘lmoqda: shu kunlarda Ucell abonentlar soni bo‘yicha O‘zbekistonda birinchi o‘ringa chiqdi. Bunday yutuqlar yanada ko‘payishi uchun bundanda ko‘proq ishlashga tayyorman”, deydi Vladimir Kravchenko.

So‘zi yakunida Kravchenko barcha mehnatkash insonlarni hurmat qilishini ta’kidlagan. Shuningdek, u jamoatchilik e’tiborida ekanini qo‘shimcha qilib, endilikda aytayotgan gaplariga e’tiborli bo‘lishini ham bildirgan.

“Bo‘lib o‘tgan vaziyat haqida uzoq gapirib o‘tirishni lozim ko‘rmayapman. Yagona narsani tasdiqlamokchi edim: men barcha mehnatkash insonlarni, shu qatorda blogerlarni ham hurmat qilaman. Har kuni turli yangilik va fikrlarni aynan ularning kanal va sahifalaridan o‘qib boraman. Bu vaziyatdan shunday xulosa chiqardimki, men rahbar sifatida jamoatchilik e’tiborida ekanman. Bu meni ko‘proq quvontirdi xam va albatta aytayotgan gaplarim va ularning oqibatlari borasida mas’uliyatni sezishimga turtki bo‘ldi.

Shuni aytish joizki, Ucell kompaniyasining bosh direktori sifatida barcha ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar bilan hamkorlikka doimo tayyorman”, deya murojaatini yakunlagan Kravchenko.


Maqola muallifi

Teglar

Ucell Vladimir Kravchenko

Baholaganlar

203

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing