Bloger Sirojiddin Odilov 4 yilga qamaldi

3-sahifa

−

image

YouTube’dagi  “Sirojiddin Media” kanali muallifi Sirojiddin Odilov 4 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Jizzax viloyati sudlari xabar berdi.

Qayd etilishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzacho‘l tuman sudining bugun, 5 oktyabrdagi hukmiga ko‘ra, Sirojiddin Sayfiddinovich Odilov (“Sirojiddin Media” MCHJ rahbari) 1 nafar fuqaroga nisbatan Odilov Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) va 2 nafar fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b”,“v” bandlari (xizmat mavqeidan foydalangan holda takroran firibgarlik) bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.  
 
Sud muhokamasi davomida, Sirojiddin Odilovning D.Sh. ning 12 mln so‘m pulini tovlamachilik, G. J. ning  30 mln so‘m, R. X. ning 33 mln so‘m pullarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi to‘liq isbotlangan va Odilov tomonidan jami 75 mln so‘m yetkazilgan zarar qoplangan.

“Alohida ta’kidlash o‘rinliki, mazkur jinoyat ishi yurituvi davomida Odilovning ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyati yuzasidan biron-bir ayblov qo‘yilmagan. Odilovning harakatlari yuzasidan ayblov u tomonidan boshqa fuqarolarning mulki firibgarlik va tovlamachilik yo‘li bilan qo‘lga kiritilganligi bilan bog‘liq”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, birinchi instansiya sudining hukmiga faqat yuqori instansiyada protsessual tartibda baho beriladi.

Ma’lumot uchun, Sirojiddin Odilovning You Tube kanalida 918 mingdan ortiq obunachi bor.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning mart oyida Sirojiddin Odilov firibgarlik va pora berishda gumonlanib qamoqqa olingani haqida xabar berilgan edi.

Shuningdek, oldinroq O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi “Taftish.uz” tahririyati xodimlari va DXXning OAV faoliyatini nazorat qiluvchi boshqarmasi zobitlariga nisbatan hukm o‘qigan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing