Bloger Otabek Nuritdinov ishida protsessual qonunbuzilishlar bo‘lganmi?
Jamiyat
−
04 yanvar 2020
7102Bugun, 4 yanvar kuni fuqaro Abdufatto Nuritdinov (bloger Otabek Nuritdinov)ga nisbatan Andijon viloyati ma’muriy sudi kassatsiya tartibidagi shikoyatni ko‘rib chiqqani va birinchi instansiya sudi chiqargan qaror o‘zgarishsiz qolgani haqida xabar bergan edik.
QALAMPIR.UZ manbasiga ko‘ra, guvohlar va jabrlanuvchilarning bergan ko‘rsatmasida tafovutlar katta bo‘lgan. Sud mazkur holatlarni inobatga olmagan. Nuritdinovning advokati tomonidan keltirilgan vajlarga esa yetarlicha e’tibor qaratilmagan. Nuritdinovning advokatiga ko‘ra, protsessual qonunbuzilishlari ko‘p bo‘lgan. Advokat Umidbek Davlatov O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atiga nazorat tartibida shikoyat bildirishini aytgan.
Nuritdinovning onasi Matluba Qurbonova ham sud tugaganidan so‘ng jurnalist va blogerlarga ma’lumotlar bera turib:
“Sud tayyor qarorni jarayon tugashi bilan o‘qib berdi. Bu yerdagi sudlarga ishonmayman”, deya o‘tgan sud jarayonidan norozi ekanini ifodalagan.
Andijon viloyat hokimi ham ularga imkon darajasida yordamini berishga tayyor bo‘lganini aytib o‘tgan. Shuningdek, Matluba Qurbonova farzandi oilasida ham haqoratli so‘zlarni ishlatmagani, bularning barchasi yolg‘on ekanini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, birinchi instansiya sudida O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasi (tuhmat), 41-moddasi (haqorat) va 183-moddalari (mayda bezorilik) doirasida uning ishi sud’ya O.Mirzamahmudov tomonidan ko‘rib chiqilgandi.
Facebook’dagi “Otabek Nuritdinov” nomli profil egasi Abdufatto Nuritdinov yuqoridagi MJtKning uchala moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilib, unga nisbatan 6.690.000 so‘m jarima jazosi hamda 183-moddada nazarda tutilgan 15 sutkalik qamoq jazosi tayinlangandi.
LiveBarchasi