Bloger 210 mln dollar jarimaga tortildi
Olam
−
21 dekabr 2021
36551Xitoylik bloger ayol soliq to‘lashdan bosh tortgani uchun 1,34 milliard yuan (210 million dollar) jarimaga tortildi.
Viya nomi bilan tanilgan 36 yoshli Huang Vey ijtimoiy tarmoqlarda o‘n millionlab obunachiga ega. U turli xil mahsulotlarni onlayn sotish bilan shug‘ullanadi. Xanchjou rasmiylari uni 2019-2020 yillar davomida shaxsiy daromadlari hamda boshqa moliyaviy qonunbuzarliklarni yashirganlikda ayblamoqda.
Viya o‘zining Weibo akkaunti orqali "qattiq afsusda" ekanligini aytib, soliq organlari tomonidan berilgan jazoni to‘liq qabul qilishini ma’lum qilgan.
Viya mamlakatda “jonli efir malikasi” sifatida tanilgan va “Time” jurnalining 2021 yilda 100 ta nufuzli shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan.
Hozirda blogerning tarmoqlardagi barcha sahifalari faoliyati to‘xtatilgan. Xususan, 18 million obunachiga ega Weibo (Twitter’ga o‘xshash platforma) akkaunti ham.
"Global Times" gazetasining ta’kidlashicha, uning jazosi "boshqalar uchun ogohlantirish" bo‘lib xizmat qiladi. Xitoy dunyodagi ijtimoiy tarmoqlardagi eng katta “jonli efir” (Live-streaming) sanoatiga ega. Mamlakatda 400 milliondan ortiq blogerlar yoki videoblogerlar faoliyat olib boradi.
Barno Dusiyarova
LiveBarchasi