Blinken Yaqin Sharqdagi mojaro fonida 3-marta Isroilga keldi
Olam
−
03 noyabr 2023
3351Bugun, 3 noyabr kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Yaqin Sharqdagi mojaro keskinlashgandan beri uchinchi marta Isroilga keldi. Bu haqda u o‘zining X’dagi sahifasida ma’lum qildi.
"Isroilga qaytib keldim, bu yerda Netanyaxu, Prezident Gersog va boshqa rahbarlar bilan uchrashaman. Biz Isroilning o‘zini himoya qilish huquqi va G‘azo sektoridagi tinch aholiga gumanitar yordam ko‘rsatish borasidagi ishimizni muhokama qilamiz", deb yozgan Blinken.
Kecha, 2 noyabr kuni Vashingtonni tark etishdan oldin ommaviy axborot vositalariga bergan izohida Blinken Isroil hukumati bilan “HAMASga qarshi davom etayotgan kampaniya” va “tinch aholini himoya qilish uchun qilinishi kerak bo‘lgan qadamlarni” muhokama qilishni rejalashtirganini aytgan.
Shuningdek, u avvalgi safarlarida bo‘lgani kabi, HAMAS tomonidan garovga olinganlar masalasini muhokama qilmoqchi.
“Gumanitar yordam oqimining davom etishi va tinch aholining ketishi Isroildagi suhbatlarimizning asosiy mavzusi bo‘ladi”, degan Blinken.
Ma’lumot uchun, 12 oktyabr kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Yaqin Sharq bo‘ylab safarini Isroildan boshlab, Iordaniya, Qatar, Bahrayn, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni va Misrga ham borgan va shu davlatlarning rasmiylari bilan Isroil-Falastin masalasini muhokama qilgandi. Arab davlatlariga qilgan safaridan so‘ng, Entoni Blinken 16 oktyabr kuni Isroilga qaytib borgan. Shuningdek, AQSH Prezidenti Jo Bayden ham joriy yilning 18 oktyabr kuni Isroilga borgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq turk diplomatik manbalari Blinken Turkiyaga ham tashrif buyurishini aytgandi, ammo Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Miller buni hozircha tasdiqlamagan.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr