Blinken va Netanyaxuning qo‘shma bayonoti Eron tanqidiga uchradi
Olam
−
31 yanvar 2023
9181Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Nosir Kanani bugun, 31 yanvar kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken va Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning Islom Respublikasining yadroviy dasturi xavfi haqidagi bayonotlarini tanqid qildi.
“Mamlakati dunyoda birinchi bo‘lib atom bombasini qo‘llagan AQSH Davlat kotibi va dahshatli yadroviy arsenalga ega bo‘lgan soxta sionistik rejim Bosh vaziri birgalikda Yadroviy dastur (Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi Shartnoma) ishtirokchisi bo‘lgan va ushbu kelishuvga sodiq bo‘lgan Eronning yadroviy dasturi xavfi haqida ogohlantirmoqda. Kulgili, lekin haqiqat. Jinoyatchilar va xalqaro xavfsizlik bayroqdorlari!” degan Kanani o‘zining Twitter sahifasida.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 30 yanvar kuni AQSH davlat kotibi Entoni Blinken Isroilga kelgan edi. U Quddusda Netanyaxu bilan uchrashganidan so‘ng, Isroil va AQSH Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun unga qarshi birgalikdagi sa’y-harakatlarni kuchaytirishini bildirgan.
Ma’lumot uchun, 2015 yilda BMT Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a’zosi va Germaniya Eron yadroviy rivojlanishi bo‘yicha inqirozni yengish uchun Eron bilan Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi Shartnomani imzolagan edi. AQSHning avvalgi prezidenti Donald Tramp esa 2018 yilda ushbu kelishuvdan chiqishga qaror qilgandi. Amerikaning amaldagi rahbari Jo Bayden bir necha bor Vashingtonni yadroviy kelishuvga qaytarishga tayyorligini bildirgan.
2021 yilning aprelida esa Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Rossiya, Xitoy va AQSH Venada Eron bilan Shartnomani asl ko‘rinishida tiklash bo‘yicha muzokaralar boshlagandi. Biroq 2022 yil 10 noyabr kuni Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik bosh direktori Rafayel Grossi Avstriya poytaxtida Eron vakillari bilan muzokaralar hech qanday natija bermay yakunlanganini aytdi.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi